O`rmon xo’jaligi xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish qoidalarini tasdiqlash haqida

 

O’zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining buyrug’i

O’rmon xo’jaligi xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish qoidalarini tasdiqlash haqida

(O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to’plami, 2013 y., 26-son, 342-modda)

[O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2013 yil 25 iyunda ro’yxatdan o’tkazildi, ro’yxat raqami 2471]

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000 yil 12 iyuldagi 267-son «Mehnatni muhofaza qilishga doir me’yoriy hujjatlarni qayta ko’rib chiqish va ishlab chiqish to’g’risida»gi (O’zbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarining to’plami, 2000 y., 7-son, 39-modda) va 2010 yil 20 iyuldagi 153-son «Mehnatni muhofaza qilish bo’yicha normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish to’g’risida»gi (O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to’plami, 2010 y., 28-29-son, 234-modda) qarorlariga muvofiq buyuraman:

  1. O’rmon xo’jaligi xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
  2. Mazkur buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

Vazir A. XAITOV

Toshkent sh.,

2013 yil 12 iyun,

44-B-son

O’zbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2013 yil 12 iyundagi 44-B-son buyrug’iga ILOVA

O’rmon xo’jaligi xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish

QOIDALARI

Mazkur Qoidalar O’zbekiston Respublikasining «Mehnatni muhofaza qilish to’g’risida»gi Qonuniga (O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993 y., 5-son, 223-modda) hamda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000 yil 12 iyuldagi 267-sonli «Mehnatni muhofaza qilishga doir me’yoriy hujjatlarni qayta ko’rib chiqish va ishlab chiqish to’g’risida»gi (O’zbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarining to’plami, 2000 y., 7-son, 39-modda) va 2010 yil 20 iyuldagi 153-sonli «Mehnatni muhofaza qilish bo’yicha normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish to’g’risida»gi (O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to’plami, 2010 y., 28-29-son, 234-modda) qarorlariga muvofiq o’rmon xo’jaligi xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish tartibini belgilaydi.

I bob. Umumiy qoidalar

  1. Mazkur Qoidalar o’rmon xo’jaligi bilan shug’ullanuvchi barcha tashkilotlarga (bundan buyon matnda tashkilotlar deb yuritiladi) taalluqlidir.
  2. Mazkur Qoidalar binolarni va inshootlarni loyihalash, qurish va qayta qurishda, tsexlarni texnik jihozlash va qayta jihozlashda, texnologik jarayonlar hamda uskunalardan foydalanish va ta’mirlashda hisobga olinishi lozim.
  3. Mazkur Qoidalar texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablari bajarilishi shartligini istisno etmaydi.
  4. Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish bo’yicha xavfsizlikka oid normativ-huquqiy hujjatlarga rioya etilishi ustidan davlat nazorati bunga maxsus vakolat berilgan davlat organlari tomonidan, jamoatchilik nazorati esa mehnat jamoalari va kasaba uyushmasi tashkilotlari tomonidan mehnatni muhofaza qilish bo’yicha vakillar tomonidan amalga oshiriladi.

II bob. Xavfsizlikka qo’yiladigan umumiy talablar

1-§. Mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil etish

  1. Mehnatni muhofaza qilish borasidagi ishlarni tashkil qilish Mehnat muhofazasi bo’yicha ishlarni tashkil etish to’g’risidagi namunaviy nizomga (ro’yxat raqami 273, 1996 yil 14 avgust) muvofiq amalga oshiriladi.
  2. Tashkilotlarda quyidagi asosiy hujjatlar ishlab chiqilishi va tasdiqlanishi lozim:

mehnat sharoitlari va mehnatni muhofaza qilish ishlarini yaxshilash, sanitariya-sog’lomlashtirish chora-tadbirlari bo’yicha bo’limni o’z ichiga olgan jamoaviy shartnoma; tasdiqlangan mehnat sharoitlarini baholash va ish o’rinlarini attestatsiya qilish uslubiga muvofiq ish o’rinlarini attestatsiya qilish kartalari; mehnatni muhofaza qilish xizmatining choraklik ish rejalari; xodimlar va muhandis-texnik xodimlarni o’qitish, yo’l-yo’riq berish va bilimlarini sinovdan o’tkazish dasturlari; mehnatni muhofaza qilish bo’yicha ma’muriy-jamoatchilik nazoratini yuritish jurnali (uch bosqichli nazorat); xodimlarga yong’inga qarshi yo’l-yo’riq berish va yong’in-texnikaviy minimum mashg’ulotlarini o’tkazish dasturi; har bir kasb va ish turlari bo’yicha mehnatni muhofaza qilish yo’riqnomalari.

  1. «Mehnatni muhofaza qilish to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonunining (O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993 y., 5-son, 223-modda) 14-moddasiga muvofiq xodimlar soni 50 nafar va undan oshadigan tashkilotlarda maxsus tayyorgarlikka ega shaxslar orasidan mehnatni muhofaza qilish xizmatlari tuziladi (lavozimlar joriy etiladi), 50 va undan ziyod transport vositalariga ega bo’lgan tashkilotlarda esa bundan tashqari yo’l harakati xavfsizligi xizmatlari tuziladi (lavozimlar joriy etiladi). Xodimlar soni va transport vositalari miqdori kamroq tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish xizmatining vazifalarini bajarish rahbarlardan birining zimmasiga yuklatiladi.
  2. Mehnatni muhofaza qilish xizmati o’z maqomiga ko’ra tashkilotning asosiy xizmatlariga tenglashtiriladi va uning rahbariga bo’ysunadi hamda tashkilotning faoliyati tugatilgan taqdirda bekor qilinadi.
  3. Mehnatni muhofaza qilish xizmatining mutaxassislari lavozim yo’riqnomasiga binoan ularning majburiyatlari jumlasiga kiritilmagan boshqa ishlarni bajarishga jalb qilinishi mumkin emas.
  4. Tashkilotlarda mehnat faoliyati bilan bog’liq ravishda sodir bo’lgan baxtsiz hodisalar va boshqa jarohatlanishlarni tekshirish va hisobini yuritish O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997 yil 6 iyundagi 286-son qarori (O’zbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarining to’plami, 1997 y., 6-son, 21-modda) bilan tasdiqlangan Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish to’g’risidagi nizomga muvofiq amalga oshirilishi lozim.

2-§. Xodimlarni o’qitish, ularning bilimlarini sinovdan o’tkazish va ularga yo’l-yo’riq berishni tashkil etish

  1. Tashkilot xodimlari o’z kasblari va ish turlari bo’yicha belgilangan tartibda o’qishlari, ularning bilimlari sinovdan o’tkazilishi va ularga yo’l-yo’riqlar berilishi kerak.
  2. Xodimlarning mehnatni muhofaza qilish bo’yicha bilimlarini sinovdan o’tkazish Mehnat muhofazasi bo’yicha o’qishlarni tashkil qilish va bilimlarni sinash to’g’risidagi namunaviy nizomga (ro’yxat raqami 272, 1996 yil 14 avgust) muvofiq amalga oshiriladi.
  3. Mehnatni muhofaza qilish bo’yicha yo’riqnomalar Mehnat muhofazasi bo’yicha yo’riqnomalarni ishlab chiqish to’g’risidagi nizomga (ro’yxat raqami 870, 2000 yil 7 yanvar) (O’zbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qo’mitalari va idoralarining me’yoriy hujjatlari axborotnomasi, 2000 y., 1-son) muvofiq ishlab chiqiladi hamda tashkilot xodimlarini va ish joylarini ushbu yo’riqnomalar bilan ta’minlash tashkilot rahbariyati zimmasiga yuklatiladi.

3-§. Xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari

  1. Tashkilotlar GOST 17.2.3.02-78 «Tabiatni muhofaza qilish. Atmosfera. Sanoat korxonalari zararli moddalarining yo’l qo’yiladigan chiqarishlarini o’rnatish qoidalari» bo’yicha xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari, ularning tavsifi, yuzaga kelish manbalari, xodimlarga ta’sir qilish xususiyatlari va salomatlik uchun xavflilik darajasi va kelgusidagi oqibatlari to’g’risida to’liq va xolisona ma’lumotga ega bo’lishi lozim.
  2. Ish joylaridagi ishlab chiqarish muhiti hamda xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari to’g’risidagi ma’lumotlar ishlab chiqarish muhitining fizik, kimyoviy, radiologik, mikrobiologik va mikroiqlim o’lchovi natijalari, shuningdek mehnat sharoitlarini attestatsiya qilish orqali belgilanishi lozim.
  3. Yangi zararli moddalar paydo bo’lishiga yoki xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari yo’qolishiga olib keladigan texnologik jarayonlar o’zgarganda xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari to’g’risidagi ma’lumotlarga tashkilot rahbari tomonidan tegishli o’zgartirishlar kiritilishi lozim.

4-§. O’ta xavfli kasblar va ishlar ro’yxati

  1. Tashkilotlar o’ta xavfli sharoitda bajariladigan ishlar ro’yxatiga ega bo’lishlari lozim. Ro’yxatga xavfli moddalar bilan bajariladigan ishlar, balandlikda, ifloslangan havo va suv muhitida, yuqori harorat va namlik sharoitida bajariladigan ishlar, bug’ va suv isitish qozonlari, yuk ko’tarish mexanizmlari, bosim ostida ishlaydigan sig’imlar, elektr qurilmalarga xizmat ko’rsatish bilan bog’liq ishlar hamda amaldagi tarmoq ro’yxatlariga muvofiq boshqa ishlar kiritilishi shart.
  2. Barcha xodimlar o’ta xavfli ishlarni bajarish topshirig’ini olishdan oldin, mehnat muhofazasi bo’yicha yo’l-yo’riq olishlari va ishlarni xavfsiz bajarish usullarini o’zlashtirishlari shart.
  3. O’ta xavfli ishlarni bajarish, faqat belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan hujjat (naryad-ruxsatnoma)ga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
  4. Tashkilot rahbariyati o’ta xavfli ishlarni rejalashtirish, tashkillashtirish va xavfsiz bajarish belgilangan talablarga muvofiq amalga oshirilishiga javobgardir.

5-§. Jamoaviy va yakka tartibdagi himoya vositalarini qo’llash

  1. Xodimlarni ishlab chiqarish muhitining xavfli va zararli ishlab chiqarish omillaridan himoya qilish jamoaviy va yakka tartibdagi himoya vositalaridan foydalanish orqali ta’minlanishi lozim.
  2. Jamoaviy himoya vositalari xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari xonadagi barcha xodimlarga ta’sir qilgan taqdirda qo’llanilishi shart va tashkilotni qurish yoki rekonstruktsiya qilish loyihalariga kiritilishi lozim.
  3. Jamoaviy himoya vositalariga quyidagilar kiradi:

ishlab chiqarish xonalari va ish joylarining havo muhitini normallashtirish vositalari (shamollatish va havo tozalash, isitish, havo haroratini, namligini bir xil me’yorda saqlash va boshqalar); ishlab chiqarish xonalari va ish joylarining yorug’ligini normallashtirish vositalari (yoritish asboblari, yorug’likdan himoya qilish moslamalari va boshqalar); shovqindan, tebranishdan, elektr va statik toklar urishidan hamda qurilmalar yuzasini yuqori darajadagi haroratdan himoya qilish vositalari; mexanik va kimyoviy omillarning ta’siridan himoya qilish vositalari.

  1. Jamoaviy himoya vositalari xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari barcha xodimlarga ta’sir qilganda qo’llanishi shart va tashkilotlarni qurish yoki rekonstruktsiya qilish loyihalariga kiritilishi lozim.
  2. Jamoaviy himoya vositalari xavfli va zararli ishlab chiqarish omillarini ruxsat etilgan miqdorgacha kamaytirish imkonini bermagan hollarda yakka tartibdagi himoya vositalari qo’llanilishi lozim. Bunday hollarda yakka tartibdagi himoya vositalarisiz xodimlarning ishga jalb qilinishi taqiqlanadi.
  3. Yakka tartibdagi himoya vositalaridan foydalanadigan xodimlar ularning qo’llanilishi, himoya xususiyatlari va amal qilish muddati to’g’risidagi ma’lumotlarga ega bo’lishi lozim.
  4. Tashkilotda quyidagilar ta’minlanishi shart:

yakka tartibdagi himoya vositalarining zarur miqdori va nomenklaturasi; yakka tartibdagi himoya vositalarini qo’llash va ulardan to’g’ri foydalanish ustidan doimiy nazorat amalga oshirilishi; yakka tartibdagi himoya vositalarining samaradorligi va sozligi tekshirilishi; xavfli va zaharli moddalar bilan ishlashda foydalanilgan yakka tartibdagi himoya vositalarining dezinfektsiya qilinishi (bir marta qo’llaniladigan himoya vositalari bundan mustasno).

  1. Turli agressiv moddalar bilan ishlayotganda teri kasalliklarini oldini olish uchun profilaktik pasta va mazlardan foydalanish lozim.
  2. Xodimlar Qishloq va suv xo’jaligi xodimlari uchun maxsus kiyim, maxsus poyabzal va boshqa yakka tartibda himoyalanish vositalarini bepul berishning namunaviy me’yorlariga (ro’yxat raqami 1991, 2009 yil 29 iyul) (O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to’plami, 2009 y., 30-31-son, 356-modda) muvofiq yakka tartibdagi himoya vositalari bilan ta’minlashi lozim.

6-§. Kasbiy tanlov

  1. Tashkilotlarda tanlov o’tkazilishi lozim bo’lgan kasblar va mutaxassisliklar ro’yxati bo’lishi lozim.
  2. Xodimlar va ishlab chiqarish uchastkalarining rahbarlari tegishli ma’lumotga ega bo’lishlari lozim.
  3. Bosim ostida ishlovchi asbob-uskunalarda, shuningdek xavfi yuqori bo’lgan ishlarda band bo’lgan xodimlar maxsus kurslarda tayyorgarlikdan o’tgan va tegishli guvohnomaga ega bo’lishi shart.
  4. O’n sakkiz yoshdan kichik shaxslarning mehnati qo’llanishi taqiqlanadigan noqulay mehnat sharoitlari ishlari ro’yxatiga (ro’yxat raqami 1990, 2009 yil 29 iyul) (O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to’plami, 2009 y., 30-31-son, 355-modda) muvofiq o’n sakkiz yoshga to’lmagan shaxslar zararli va noqulay mehnat sharoiti mavjud ishlarga qabul qilinmasligi lozim.
  5. Ayollar mehnatidan foydalanish to’liq yoki qisman taqiqlanadigan mehnat sharoiti noqulay bo’lgan ishlar ro’yxatiga (ro’yxat raqami 865, 2000 yil 5 yanvar) (O’zbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qo’mitalari va idoralarining me’yoriy hujjatlari axborotnomasi, 2000 y., 1-son) muvofiq ayollar zararli va noqulay mehnat sharoitiga ega bo’lgan ishlarga qabul qilinmaydi.

7-§. Xodimlarning salomatligini nazorat qilish

  1. Tashkilotlarda xodimlarning salomatligini nazorat qilish Xodimlarni tibbiy ko’rikdan o’tkazish tartibi to’g’risidagi nizom (ro’yxat raqami 2387, 2012 yil 29 avgust) (O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to’plami, 2012 y., 35-son, 407-modda) asosida amalga oshirilishi lozim.
  2. Tashkilot rahbariyati, kasaba uyushmasi qo’mitasi va sog’liqni saqlash organlari bilan birgalikda har yili tibbiy ko’rikdan o’tishi lozim bo’lgan xodimlarning ro’yxatini tuzishi hamda xodimlarning tibbiy ko’rikdan o’tishini ta’minlashi lozim.
  3. Tibbiy ko’riklar tashkilotlarning tibbiy muassasalarida, ular mavjud bo’lmagan hollarda davolash-profilaktika muassasalarida o’tkazilishi lozim.
  4. Xodim tibbiy ko’rikdan o’tishdan bo’yin tovlagan yoki tibbiy ko’rik natijalariga ko’ra berilgan tavsiyalarni bajarmagan taqdirda ushbu xodim ishga qo’yilishi mumkin emas.
  5. Davriy tibbiy ko’riklar o’z vaqtida, sifatli o’tkazilishi va ularning natijalariga ko’ra tavsiyalar bajarilishi uchun javobgarlik tashkilot rahbariyati zimmasiga yuklanadi.
  6. Xodimlarni sog’lig’ining holati tufayli ularga ruxsat etilmagan ishlarda ishlatish taqiqlanadi.

8-§. Sanitariya va gigienaga qo’yiladigan talablar

  1. Tashkilot xonalari va ish hududidagi harorati, nisbiy namlik, havoning harakatlanish tezligi va boshqalar GOST 12.1.005-88 «Ish hududining havosi. Umumiy sanitariya-gigienik talablari»ga muvofiq bo’lishi kerak.
  2. Tashkilotning ishlab chiqarish xonalari quyidagi sanitariya qoidalariga muvofiq saqlanishi lozim:

xonalarning harorati, nisbiy namlik va havoning harakatlanish tezligi, ish joylaridagi ortiqcha issiqlik, bajarilayotgan ishning og’irlik darajasiga ko’ra toifasi, yil mavsumi hisobga olingan holda belgilanishi; ishlab chiqarish, sanitariya-maishiy, xom ashyo va tayyor mahsulotni saqlash xonalarining yorug’ligi QMQ 3.01.05-98 «Tabiiy va sun’iy yoritish. Loyihalashtirish me’yorlari»ga muvofiq bo’lishi hamda mehnat sharoitlarini yaratish uchun yetarli yorug’lik kuchini ta’minlashi; xonalarda yoritish asboblari chang to’planishiga imkoniyat bermaydigan konstruktsiyaga ega bo’lishi, shuningdek singan taqdirda uning parchalari sochilib ketmasligi uchun yopiq bo’lishi.

  1. Noqulay omillar ta’siriga qarshi himoya tadbirlarini tuzishda samarali havo almashinuvi tizimini QMQ 2.04.05-97 «Isitish, ventilyatsiya va konditsionerlash» talablariga muvofiq tashkil qilish lozim.
  2. Ishlab chiqarish, sanitariya-maishiy, xom ashyo va tayyor mahsulotni saqlash xonalarini gigienik jihatdan toza saqlash va xodimlarning shaxsiy gigienasiga qo’yiladigan talablar qonun hujjatlarida belgilangan qoidalarga muvofiq bo’lishi lozim.

9-§. Tashkilot maydonlariga qo’yiladigan xavfsizlik talablari

  1. Tashkilot maydonlari va binolarining joylashuvi QMQ II-89-80 «Sanoat tashkilotlarining bosh plani» talablariga mos bo’lishi kerak.
  2. Tashkilotlarda transport vositalarining va piyodalarning tashkilot hududida harakatlanish chizmasi ishlab chiqilgan va tasdiqlangan bo’lishi kerak.
  3. Transport vositalari va piyodalarning harakatlanish chizmasi tashkilotlarning kirish, chiqish, ish uchastkalari va tsexlarining ko’rinarli joylariga osib qo’yilishi kerak.
  4. Tashkilotning hududi ko’kalamzorlashtirilgan va suv quyish quvurlari tarmog’i bilan ta’minlangan bo’lishi kerak.
  5. Yozgi mavsumda yo’laklar va o’tish joylariga suv sepilgan bo’lishi kerak.
  6. Qishki mavsumda yo’laklar va o’tish joylari qordan tozalanib, qum sepilgan hamda binolarning tomlari qordan va karnizlari esa muzlardan tozalab turilishi zarur.
  7. Yo’lovchilar uchun yo’lak va tashkilotga kirish joyi tekis, kengligi kamida 1,5 m bo’lib, yon tomonlari devorcha va to’siqlarga ega bo’lishi kerak.
  8. Tashkilotlarning hududi GOST 12.4.009-83 «Ob’ektlarni himoyalash uchun yong’in texnikasi. Asosiy turlari. Joylashishi va xizmat ko’rsatilishi» talablariga mos keluvchi yong’in o’chirish vositalari bilan jihozlangan bo’lishi kerak.
  9. Tashkilot hududi har kuni tozalanadigan, shuningdek dezinsektsiya, dezinfektsiya va deratizatsiya qilib turiladigan axlat tashlanadigan idishlar bo’lishi lozim.
  10. Hovlidagi hojatxonalar ozoda saqlanishi, muntazam dezinfektsiya qilinishi va sutkaning qorong’i paytida yoritilgan bo’lishi kerak.
  11. Tashkilotning hududi chegara bo’ylab to’silgan bo’lishi va uning hududiga begonalarning kirishi cheklangan va nazorat ostiga olingan bo’lishi lozim.
  12. Xodimlar uchun alohida chekish joylari belgilanib, maxsus idishlar qo’yilishi va «CHekish joyi» degan yozuv bilan jihozlanishi kerak.

10-§. Bino va inshootlarga qo’yiladigan xavfsizlik talablari

  1. Ishlab chiqarish binolari va inshootlari QMQ 2.09.02-85 «Ishlab chiqarish binolari» talablariga, yordamchi binolar va xonalar QMQ 2.09.04-98 «Tashkilotlarning ma’muriy va maishiy binolari» talablariga muvofiq bo’lishi lozim.
  2. Ishlab chiqarish binolarining havosidagi zararli moddalar miqdori SanQvaM 0294-11 «Ish joyidagi havodagi zararli moddalarning ruxsat etilgan miqdorining gigienik me’yorlari» talablariga muvofiq bo’lishi lozim.
  3. Muntazam ishlashga mo’ljallangan ish joylarining nam xonalarida hamda issiq o’tkazuvchi pollarida (betonli, g’ishtli, plitali va boshqalar) yog’och to’shamalar va panjaralar yotqizilgan bo’lishi kerak.
  4. Binoga transport vositalarining kirish joylari darvozalar va signal beruvchi asbob-uskunalar bilan jihozlangan bo’lishi lozim.
  5. Darvoza tavaqalari darvozaning yopiq va ochiq holatida maxsus moslamalar bilan mustahkam tutib turilgan bo’lishi kerak.
  6. Darvozalar balandligi foydalanilayotgan transport vositasining balandligidan kamida 0,2 m dan baland bo’lishi kerak.
  7. Barcha ishlab chiqarish binolari va inshootlari bir yilda kamida ikki martadan (bahor va kuzda) tashkilot rahbari tayinlagan komissiya tomonidan texnik ko’rikdan o’tkazilishi lozim. Texnik ko’rik xulosalari, topilgan nuqsonlarni bartaraf etish bo’yicha tadbirlar va muddati ko’rsatilgan dalolatnomalar bilan rasmiylashtirilishi kerak.
  8. Xodimlar uchun xavf tug’diruvchi halokat tusidagi buzilishlar tezda bartaraf etilishi kerak. Xavfli hududlarda ishlash jarayonlari vaqtida halokat bartaraf etilgunga qadar to’xtatib turilishi, shuningdek xizmat ko’rsatuvchi xodimlar xavfsiz joyga ko’chirilishi kerak.
  9. Tashkilotning ishlab chiqarish xonalari va omborxonalari yong’indan xabar beruvchi va yong’inni bartaraf etuvchi avtomatik qurilmalar bilan jihozlangan bo’lishi lozim.
  10. Kirish va chiqish yo’llari turli jismlar va asbob-uskunalar bilan to’sib qo’yilmasligi kerak. Evakuatsiya chiqish yo’llarining barcha eshiklari binodan chiqish yo’nalishi bo’yicha ochilishi lozim.

11-§. SHamollatish va isitish tizimiga qo’yiladigan talablar

  1. SHamollatish va isitish tizimi QMQ 2.04.05-97 «Isitish, shamollatish va konditsionerlash» talablariga muvofiq bo’lishi lozim.
  2. Oqimli shamollatishlarni tashqi havo tizimidan olish yerdan kamida 2 m balandlikda bajarilishi lozim.
  3. O’tish joylarida joylashgan isitish jihozlari ruxsat etilgan o’tish yo’laklarining enini kamaytirmasligi lozim.
  4. Ish joylarida havo harorati yengil jismoniy ishda 21º S, o’rtacha og’ir ishda 17º S va og’ir ishda 16º S dan past bo’lmasligi kerak.
  5. Xodimlarning isinishi uchun xonalardagi harorat 22º S dan kam bo’lmasligi kerak.
  6. Isinish xonalarigacha bo’lgan masofa binolarda joylashgan ish joylaridan 75 m dan va bino tashqarisidagi ish joylaridan esa 150 m dan ko’p bo’lmasligi kerak.

12-§. SHovqin va tebranishga qo’yiladigan talablar

  1. Ish joylarida, xonalarda va tashkilot hududida shovqin va tebranishning darajasi SanQvaM 0120-01 «Ish joylarida shovqinning yo’l qo’yilgan darajasining sanitariya me’yorlari», SanQvaM 0122-01 «Ish joylarida umumiy va lokal tebranishning sanitariya me’yorlari», GOST 12.1.003-89 «SHovqin. Umumiy xavfsizlik talablari» va GOST 12.1.012-90 «Tebranma. Umumiy xavfsizlik talablari»ga muvofiq bo’lishi kerak.
  2. Ish joylarida shovqin va tebranish darajasi muntazam nazorat qilib turilishi kerak. Agarda u belgilangan me’yorlardan yuqori bo’lsa, uni pasaytirish uchun quyidagi tadbirlar qo’llanishi lozim:

detallarning zarbali harakatlarini zarbasiz harakatlarga, ilgarilama-qaytma harakatlarni aylanma harakatlarga o’zgartirish; shovqin chiqaruvchi agregat yoki uning ayrim qismlariga shovqinni to’suvchi qobiqlar o’rnatish; agregatdan chiqayotgan aerodinamik shovqinlarga qarshi samarali tovush so’ndirgichlar qo’llash; shovqinli uskunalarni (parraklar, kompressor) to’silgan xonalarda yoki ishlab chiqarish xonalaridan tashqarida joylashtirish; tebranishni kamaytirish uchun, uning manbalari (elektr dvigatellar, parraklar va boshqalar) poldan va binoning boshqa konstruktsiyalaridan izolyatsiyalangan mustaqil poydevorlarda yoki maxsus hisoblab chiqilgan amortizatorlarga o’rnatilishi kerak.

  1. Xonalarda shovqinni texnik vositalar bilan bartaraf etishning iloji bo’lmasa, eshitish a’zolarini yakka tartibda himoya qiluvchi vositalardan va shovqinga qarshi kaskalardan foydalanish kerak.

13-§. Suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimiga qo’yiladigan talablar

  1. Suv bilan ta’minlash va kanalizatsiya tizimi QMQ 2.04.01-98 «Binolarning ichki suv quvuri va kanalizatsiyasi» talablariga mos bo’lishi kerak.
  2. Tashkilotlarning ishlab chiqarish oqova suvlari tashqi kanalizatsiyaga yetib kelgunga qadar zararli moddalardan tozalanishi kerak.
  3. Ichimlik suvidan foydalanish uchun suv quvuriga ulangan favvorachalar o’rnatilishi va suv quvurlari bo’lmaganda, maxsus idishlarda qaynatilgan suv bo’lishi lozim.
  4. Ichimlik suvi O‘zDSt 950-2011 «Ichimlik suvi. Gigienik talablar va sifatini nazorat qilish» talablariga javob berishi kerak.
  5. Ichimlik suvining harorati 8º S dan 20º S gacha bo’lishi kerak.
  6. Tashkilot hududidagi hojatxonalar issiq suv va kanalizatsiya tizimiga ulangan bo’lishi lozim.
  7. Tashkilotda kanalizatsiya tizimi bo’lmaganda davlat sanitariya nazorati organlari bilan kelishilgan holda tashkilotda yer qatlamini ifloslantirmagan holda dushxonalardan va yuz-qo’l yuvgichlardan suv oqmaydigan qurilmali axlat o’ralarining bo’lishiga ruxsat etiladi.

14-§. Yoritishga qo’yiladigan talablar

  1. Tashkilot hududi va ishlab chiqarish xonalarini tabiiy va sun’iy yoritish QMQ 2.01.05-98 «Tabiiy va sun’iy yoritish» talablariga mos bo’lishi lozim.
  2. Yoritish vositalari toza va soz holatda bo’lishi kerak. Yorug’lik tushuvchi oynalarni yilida kamida ikki marotaba tozalash lozim.
  3. Yorug’lik tushadigan deraza va eshiklarni turli predmetlar bilan to’sib qo’ymaslik kerak.
  4. Sun’iy yoritish umumiy va birlashgan tizim orqali amalga oshiriladi. Birgina mahalliy yoritishni qo’llash taqiqlanadi.
  5. Yoritish vositalari ko’zni qamashtirishidan saqlash uchun choralar ko’rilgan bo’lishi kerak.
  6. Uchastka va xonalarda portlash bo’yicha xavfli gaz va changlar kontsentratsiyasi yig’ilib qolishi ehtimoli bo’lsa, elektr yoritish tizimi xonadan tashqarida o’rnatilishi kerak.
  7. Xavflilik darajasi yuqori bo’lgan xonalarda kuchlanishi 36 V dan yuqori bo’lmagan ko’chma elektr yoritqichlar ishlatilishi kerak. Uskunalar va inshootlar (bunkerlar, quduqlar, bug’lantirish kameralari, tunnellar va boshqalar)ning ichki sirtini yoritish uchun ishlatiladigan ko’chma elektr yoritqichlarning kuchlanishi 12 V dan oshmasligi kerak.
  8. Ko’chirib yuriluvchi yoritqichlar shishali himoya qopqoqlari va metall to’r bilan jihozlangan bo’lishi lozim. Ushbu yoritqichlar va boshqa ko’chirib yuriluvchi apparatlar uchun mis tolali egiluvchan kabel va elektr o’tkazgichlar qo’llanishi lozim.
  9. Evakuatsiya yo’laklari va zinapoyalarda avariya yoritqichlari bo’lishi lozim.
  10. Avariya yoritqichlari boshqa yoritqichlardan turi, o’lchami va maxsus tushirilgan belgilari bilan ajralib turishi va vaqti-vaqti bilan changdan tozalanib turilishi lozim.
  11. Avariya yoritish tarmoqlariga elektr energiya iste’molchilarining ulanishi taqiqlanadi. Avariya yoritilishlarining sozligi har chorakda kamida bir marta tekshirilishi lozim.

15-§. Maishiy imoratlarga qo’yiladigan talablar

  1. Tashkilotlarda maishiy va ovqatlanish xonalari hamda tibbiy punktlar bo’lishi kerak. Tashkilotlarning maishiy bino va xonalari SHNQ 2.09.04-09 «Tashkilotlarning ma’muriy va maishiy binolari» talablariga muvofiq holda tashkil etilishi lozim.
  2. Kiyim almashtirish va yuvinish xonalari, ichimlik suvi ta’minoti qurilmalari, hojatxonalar va shu kabi qurilmalarning soni tashkilotning umumiy kontingent soni hisobiga olingan holda belgilanishi lozim.
  3. Dushxonalar va hojatxonalardagi tarnovlar, kanallar, traplar, pissuarlar va unitazlar muntazam ravishda tozalanishi, yuvilishi va dezinfektsiya qilinishi lozim.

16-§. Atrof tabiiy muhitni muhofaza qilishga qo’yiladigan talablar

  1. Tashkilot atrof tabiiy muhitning (havo, tuproq, suv havzalari) ifloslanishiga va zararli omillarning tegishli normalardan ortiq darajada tarqalishiga olib kelmasligi lozim.
  2. Tashkilotlarda ishlab chiqarish jarayonlarini amalga oshirishda atrof tabiiy muhitni chiqindilar (oqova suvlar, shamollatish tizimi chiqindilari va boshqalar) bilan ifloslanishi ehtimolini istisno etadigan sharoitlar ta’minlanishi lozim.
  3. Tashkilotlarda chiqindilarni yig’ish uchun atrofi o’ralgan maxsus joy ajratilishi va chiqindilar uchun maxsus idishlar bilan ta’minlanishi va ushbu idishlar bo’shatilgandan so’ng xlorli ohak eritmasi bilan dezinfektsiya qilinishi va yuvilishi kerak.

17-§. Mehnat va dam olishga qo’yiladigan talablar

  1. Xodimlarning ish vaqti, shu jumladan qisqartirilgan ish vaqti, dam olish va tanaffuslar vaqti tashkilotlar tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.

III bob. Ishlab chiqarish (texnologiya) jarayonlariga qo’yiladigan xavfsizlik talablari

1-§. Umumiy talablar

  1. O’rmon barpo qilish uchun yerlarni tayyorlash, urug’dan va ko’chatdan o’rmon barpo etish, ko’chatxonalar tashkil qilish va ularda olib boriladigan ishlar xo’jalik rahbari tomonidan tasdiqlangan texnologik karta asosida amalga oshiriladi. Texnologik kartada yer maydonining hajmi, relefi, mexanizmlarni mavjudligiga qarab bajariladigan ish tartibi, usullari, ish bajariladigan zonalar va xavfsizlik qoidalari belgilanadi.
  2. SHamolning tezligi 11 m/s dan ortiq bo’lganda, momaqaldiroq, kuchli yomg’ir va qalin tuman tushganda o’rmon barpo qilish ishlarini bajarish taqiqlanadi.
  3. O’rmon barpo qilish uchun mo’ljallangan maydonda, oldindan kuzatuv olib borish, dam oladigan joylar belgilanishi, xavfli yerlarning (jarliklar, chuqurliklar, toshloqlar va boshqalar) atroflari o’ralishi va ogoxlantiruvchi belgilar qo’yilishi lozim.
  4. O’rmon xo’jaligida transport vositalari bilan ishlarni bajarayotgan paytda quyidagi talablar bajarilishi lozim:

osma ish qurollarini ko’tarayotgan va tushirayotgan paytda uning atrofida odamlar bo’lmasligi; transport vositalarini burilishi uchun to’sqinlik qiladigan narsalar bo’lmasligi; vaqtinchalik ko’prik va ariqlardan o’tishni ta’minlash;

  1. Transport vositalarining osma va tirkama ish qurollarini tekis maydonda yoki maxsus joylarda sozlash va almashtirish zarur.
  2. Transport vositalari ko’prik, damba, to’g’on va boshqa inshootlardan o’tkazilayotganda, ularning holati haqida ogohlantiruvchi belgilar qo’yilmagan bo’lsa, u holda ushbu inshootlardan transport vositalari bilan o’tishdan oldin ularning sozligini tekshirib ko’rish lozim.
  3. Yer tayyorlash va yerga ishlov berish ishlari qo’l kuchi bilan bajarilganda ish bajarayotgan ishchilarning oralig’i kamida 3 m masofada bo’lishlari kerak.

2-§. Yong’in va portlashga qo’yiladigan xavfsizlik talablari

  1. Ishlab chiqarish jarayonlari yong’in va portlash xavfsizligi, ularni rejalashtirishda, tashkillashtirishda va olib borishda GOST 12.1.004-91 «Yong’in xavfsizligi. Umumiy talablari» va GOST 12.1.010-90 «Portlash xavfi. Umumiy talablari»ga va mazkur Qoidalarga muvofiq ta’minlanishi lozim.
  2. Ishlab chiqarish jarayonlarini amalga oshirishda yong’inlar, portlashlar, avariyalar, zaharlanishlar sodir bo’lishi hamda atrof muhit uning chiqindilari (oqova suvlari, shamollatish chiqindilari va boshqalar) bilan ifloslanishi ehtimolini istisno etadigan sharoitlar ta’minlanishi lozim.
  3. Ishlab chiqarish binolari va xonalari dastlabki yong’inni o’chirish vositalari bilan ta’minlangan bo’lishi shart.
  4. SHamollatish tizimi yong’indan darak beruvchi signalizatsiya bilan birlashtirilgan bo’lishi kerak.
  5. Yong’in suv manbai yo’laklari hamda yong’inni o’chirish vositalariga boradigan yo’laklar doimo bo’sh bo’lishi kerak.
  6. Portlashning oldini olish uchun mashina va agregatlarning ishqalanuvchi qismlarini qizib ketishiga yo’l qo’ymaslik lozim.
  7. Aralashganda portlovchi modda hosil qilishi lozim bo’lgan gazlarni umumiy kollektorga chiqarish taqiqlanadi.
  8. Kollektordan chiqadigan suyuqlik miqdori va inertsiya natijasida statik tok hosil bo’lishini hisobga olgan holda kollektor sim orqali yerga ulanishi kerak.
  9. Ishlab chiqarish binolariga (omborxona, tsex, laboratoriya, uchastka va boshqa) yong’in xavfsizligi xizmati bilan kelishilgan yong’in xavfsizligi bo’yicha yo’riqnoma ishlab chiqilishi va ko’rinadigan joyga osib qo’yilishi lozim.
  10. TSexlarda (bo’limlarda, omborxonalarda, ustaxonalarda, laboratoriyalarda va boshqa ish uchastkalarida) yong’in xavfsizligini ta’minlash bo’yicha, shuningdek yong’in o’chirish anjomlarining soz holda bo’lishiga shu bo’linmalarning boshliqlari yoki boshliq vazifasini bajaruvchi xodimlari mas’uldir.
  11. Yong’in va portlash xavfi bo’lgan ishlab chiqarish binolari yong’indan xabar beruvchi va yong’inlarni bartaraf etuvchi avtomatik qurilmalar bilan jihozlangan bo’lishi lozim.
  12. Yong’inga qarshi suv havzalari doimo soz holatda va ichidagi suv hajmi yong’inni o’chirish uchun yetarli bo’lishi kerak. Suv havzalarining ishga yaroqliligi yiliga kamida ikki marotaba, bahor va kuz mavsumlarida tekshirilishi lozim.
  13. Qo’lda yasalgan, avtomatika tizimi nosoz bo’lgan yoki yong’in xavfsizligi talablariga javob bermaydigan maishiy isitish asboblaridan foydalanish taqiqlanadi.

3-§. Elektr qurilmalariga qo’yiladigan xavfsizlik talablari

  1. Tashkilotlarda elektr qurilmalarni o’rnatish va ulardan foydalanishda Iste’molchilarning elektr qurilmalaridan texnik foydalanish qoidalari (ro’yxat raqami 1383, 2004 yil 9 iyul) (O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to’plami, 2004 y., 27-son, 317-modda) hamda Iste’molchilarning elektr qurilmalaridan foydalanishda texnika xavfsizligi qoidalari (ro’yxat raqami 1400, 2004 yil 20 avgust) (O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to’plami, 2004 y., 33-son, 379-modda) va mazkur Qoidalar talablariga rioya qilinishi kerak.
  2. Elektr energiyasidan foydalanishda tashkilot rahbarining buyrug’i bilan muhandis-texnik xodimlardan elektr xo’jaligi uchun javobgar xodim tayinlangan bo’lishi va bu xodim elektr xavfsizligi bo’yicha tegishli malaka guruhiga ega bo’lishi kerak.
  3. Elektr xo’jaligi uchun mas’ul xodim kuchlanishi 1000 V va undan yuqori bo’lgan elektr uskunalarga xizmat ko’rsatishi uchun elektr xavfsizligi bo’yicha V malaka guruhiga, kuchlanishi 1000 V gacha bo’lgan elektr uskunalarga xizmat ko’rsatish uchun esa IV malaka guruhiga ega bo’lishi talab etiladi. Mas’ul xodim davriy ravishda va o’rnatilgan tartibda elektr xavfsizligi bo’yicha tashkilotda tuzilgan komissiyada bilim sinovidan o’tishi shart.
  4. Elektr toki o’tkazuvchi qismlar, taqsimlovchi qurilmalar, apparatlar va o’lchash asboblari, shuningdek turli saqlovchi qurilmalar, rubilniklar va boshqa ishga tushiruvchi apparatlar va moslamalar yonmaydigan qilib montaj qilinishi lozim.
  5. Yuqori namlik va issiqlik ajralib chiquvchi xonalarda elektr yoritqichlar namlikdan va elektr dvigatellari esa suyuqlik sachrashidan himoyalangan bo’lishi shart.
  6. Taqsimlovchi qurilmalar izolyatsiyasining qarshiligi va chidamliligi tekshirib turilishi lozim.
  7. Ishlab chiqarish va maishiy xonalarda qo’llanuvchi lyuminestsent yoritqichlar yopiq holda, namlik va chang o’tkazmaydigan maxsus armatura bilan qoplanishi lozim.
  8. Kabellar va elektr o’tkazgichlarning izolyatsiyasi, tashqi birikmalar, elektr tokdan himoyalovchi yerga ulangan simlar, elektr dvigatellarning ishlash rejimi ko’rikdan o’tkazilishi va asboblar bilan o’lchash orqali tekshirilib turilishi lozim.
  9. Tok uzatilmaganligi sababli uskuna to’xtatilgan hollarda elektr dvigatellar o’chirilishi kerak.
  10. Elektr apparatlari va agregatlarining nolga va yerga ulash simlarining butunligi kamida olti oyda bir marta tekshirilishi lozim. Tekshirish natijalari dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.
  11. Kam quvvatli elektr lampalari va asboblarini kattaroq quvvatlilariga almashtirish tarmoq uchun yo’l qo’yiluvchi yuklanishni hisobga olgan holda elektr xo’jaligi uchun mas’ul xodimning ruxsati bilan amalga oshirilishi lozim.
  12. Bitta elektr shtepseliga bir nechta iste’molchilarni ulash taqiqlanadi.
  13. CHanglarning statik elektr razryadlaridan alangalanib ketmasligi uchun mashinalarning g’iloflari, uning asosiy vallari va havo quvurlari yerga ulangan bo’lishi lozim.
  14. Havo quvurlarining filtrlari mayda katakli metall to’rlar bilan o’ralgan va yerga ulangan bo’lishi lozim.
  15. Tashkilotning barcha turdagi binolari yashin qaytargichlar o’rnatilgan holda to’g’ridan-to’g’ri yashin urishidan himoyalangan bo’lishi lozim.
  16. Yashin qaytargichlar har yili bahorda tekshirilib turilishi va nosozliklari bartaraf etilishi lozim.
  17. Momaqaldiroq vaqtida elektr o’lchashlarni amalga oshirish taqiqlanadi.

4-§. Birlamchi materiallar, yarim mahsulot va chala tayyor mahsulotlar, tayyor mahsulot va chiqindilarni saqlash va transportda tashishga qo’yiladigan xavfsizlik talablari

  1. Yuk ortish va tushirish ishlari hamda yuklarni joylashtirish Yuk ortish va tushirish ishlaridagi yukchilar uchun ishlarning xavfsizligi qoidalari (ro’yxat raqami 1582, 2006 yil 13 iyun) (O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to’plami, 2006 y., 24-son, 221-modda) talablariga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
  2. Birlamchi materiallar, yarim mahsulot va chala tayyor mahsulotlar, tayyor mahsulotlarni transport vositalarida tashishda yuk tashish qoidalariga rioya qilishlari lozim.
  3. Birlamchi materiallar, yarim mahsulot va chala tayyor mahsulotlar, tayyor mahsulotning hajmi mazkur ishni bajaruvchi qurilmaning pasportida ko’rsatilgan o’lchamlarga muvofiq bo’lishi kerak.
  4. Omborxonada xom ashyo va materiallar bilan bog’liq bo’lmagan ishlarni bajarish taqiqlanadi.
  5. Omborxonada ustma-ust taxlangan yoki yuk idishlari javonlar oralig’idagi yo’lakning eni 1,5 m dan kam bo’lmasligi lozim.
  6. Omborxonaning devorlari bo’ylab o’ralgan har bir javonda olti taxlamgacha bo’lgan miqdorda xom ashyo, yarim mahsulot va chala tayyor mahsulotlar, tayyor mahsulotlarni saqlash lozim. Taxlamlar oralig’idagi masofa 0,5 m dan, yon tomon maydonlardagi taxlamlar bilan oralig’i esa 1,5 m dan kam bo’lmasligi kerak.
  7. CHiqindilarni inventarizatsiya qilish, shuningdek ularning turlari bo’yicha xavflilik darajasini belgilash lozim.
  8. CHiqindilarni ruxsat etilmagan joylarda saqlash, qayta ishlash va ko’mib tashlash taqiqlanadi.
  9. Tashkilotlarda chiqindilar bilan ishlashga oid yo’riqnomalar ishlab chiqilgan bo’lishi lozim.
  10. Ikkilamchi xom ashyolar tashkilotga infektsiyaga qarshi dorilangan va bog’lamlarga o’ralgan holda qabul qilinishi kerak.
  11. Ikkilamchi xom ashyo bog’lamlarini yopiq omborxonalarda yoki qattiq qoplamali soyabonli maydonlarda saqlash lozim.
  12. Ochiq saqlash maydonlari atrof hududiga nisbatan 0,2 m dan kam bo’lmagan holda baland va 0,5 m dan kam bo’lmagan holda yonmaydigan devor bilan o’ralgan bo’lishi kerak.
  13. Ikkilamchi xom ashyo taxlamlari balandligi 5 m dan va har bir taxlam o’lchami 0,25 x 0,15 m dan oshmasligi kerak.
  14. Quti va qoplardagi yuklar omborxonada ag’anamaydigan va surilib ketmaydigan qilib ustma-ust taxlangan bo’lishi lozim. Qo’lda taxlanganda uning balandligi 3 m dan, yuk ko’tarish mexanizmi yordamida taxlanganda esa 6 m dan oshmasligi lozim. Eng yuqoridagi qop bilan ship orasidagi masofa kamida 1 m bo’lishi lozim.
  15. CHiqindilarni yig’ish joyi tsexlardan kamida 50 m uzoqlikda bo’lishi lozim.
  16. Yuk saqlanadigan omborxona va maydonchalar hududining kirish joylarida transport vositalarning harakat yo’nalishi hamda yuklarni ortish va tushirish joylari ko’rsatilgan sxemalar osib qo’yilgan bo’lishi lozim.
  17. Omborxonalardagi belgilangan normadan ortiq bo’lgan yuklarni tashish va taxlash bilan bog’liq bo’lgan barcha ishlar mexanizatsiyalashtirilgan bo’lishi lozim.
  18. Ombor va yuk saqlash maydonchalarida og’ir va o’ta og’ir yuklarni ortish va tushirish hamda harakatlantirish jarayoni mexanizatsiyalashtirilgan bo’lishi lozim.
  19. Ombor va yuk saqlash maydonchalari hududiga kirishda harakat yo’nalishini, yuk ortish va tushirish joyi hamda transport vositalarining to’xtab turish joyini ko’rsatuvchi chizmalar bo’lishi kerak.
  20. Yuk ortish va tushirish ishlari mas’ul bo’lgan xodim rahbarligida bajarilishi lozim.
  21. Yuklar javonlar, tagliklar, shtabellar va boshqa moslamalarga taxlanishi lozim. Yuklarning og’irligi javonlar, tagliklar, shtabellar va boshqa moslamalarning yuk ko’tarish me’yoridan ortiq bo’lmasligi lozim.
  22. Binolarda mahsulotlarni joylashtirishda oraliq masofa quyidagicha bo’lishi lozim:

bino devoridan 70 sm; isitish tizimidan 20—50 sm; yoritish tizimidan 50 sm; poldan 15—30 sm.

  1. Yuklarni taxlashda ularning saqlash, yetkazib berish, ortish va tushirish hamda shtabellarni taqsimlanishida mustahkamligi ta’minlanishi lozim.
  2. Yuklarni ko’tarishdan oldin yukning mustahkamligi hamda to’g’ri bog’langanligi tekshirilishi lozim. Yuklarni bog’lamalardan yechish vaqtida tushib ketish xavfining oldi olingan bo’lishi lozim.
  3. Katta hajmdagi yuklarni bog’lanishida ularning markaziy og’irlik nuqtasidan amalga oshirilishi lozim.
  4. Konteynerlarni qo’l bilan bog’layotganda xodimlarning xavfsizligini ta’minlovchi maxsus narvonlar va boshqa moslamalardan foydalanish lozim.
  5. Qo’lda boshqariladigan yuk aravalari yengil boshqariladigan, mustahkam va soz bo’lishi lozim.
  6. Yuk polga tushirilayotganda yuk aravaning orqa tarafida bo’lishi lozim.
  7. Haydovchi yuklarni ortishdan oldin yukni tekshirib ko’rishi va bu yuklarning transport vositalarining tonnasiga hamda o’lchamlariga muvofiq kelishi yoki kelmasligini tekshirib ko’rish lozim.
  8. Yuklar qoplarda, savatlarda, yashiklarda, bochkalarda tashilishi lozim. Yuklarni qo’lda ortish va tushirish ishlari ruxsat berilgan maydonchalarda amalga oshirilishi kerak.
  9. Yukni ortish yoki tushirishga qadar yuk ko’taruvchi vositalarning mustahkam va turg’unligi, ularning yuk ko’taruvchanligi ko’tariladigan yukka muvofiq kelish yoki kelmasligi, arqon, tros va himoya to’siqlarining holatini tekshirish lozim.
  10. Transport vositasi harakati vaqtida yuklar siljimasligi uchun tashishga mo’ljallangan arqonlardan foydalanish lozim. Po’lat, tros va simdan arqon o’rnida foydalanmaslik kerak.
  11. Idishga solingan sochiluvchan yuklar hamda kuzov ichida tashiladigan yuklar kuzov va arava bortlaridan chiqib ketmasligi lozim, chunki ular harakat vaqtida tushib qolishi va yo’lovchini shikastlantirishi mumkin.
  12. Bochkalar, yashiklar, xashak, yog’och tashish, poxollarni ortishda yo’l harakati qoidalariga rioya qilish lozim. Ortilgan yukning yerdan baland qismigacha bo’lgan oraliq masofa 4 m dan ortiq bo’lmasligi va eni 2,55 m dan ortiq bo’lmasligi lozim.
  13. Transport vositalarida og’ir yuk tashiydigan pritsep-mashinalarga hamda yuk mashinalarga ortish va ularni tashish ishlari ma’muriyat vakilining kuzatuvida olib borilishi kerak. Haydovchi yo’lga chiqishdan oldin yukni tashishga javobgar shaxsdan yuk ortilgan joydan u olib boradigan joygacha bo’lgan marshrut to’g’risida ma’lumot olishi zarur.
  14. Kimyoviy moddalar maxsus jihozlangan binoda (omborxonada) kimyoviy ta’sir xususiyatiga ko’ra bog’liqligi bo’yicha alohida joylarda saqlanishi zarur. Omborxonalarda har xil kimyoviy moddalar birgalikda saqlanishi uchun ularning ro’yxati bo’lishi lozim.
  15. Har bir kimyoviy modda texnik ko’rsatmalar talablari hisobga olingan holda saqlanishi lozim. Kimyoviy moddalarni ochiq holda (tarada) saqlash taqiqlanadi. Taralarda yozuv, etiketka yoki modda nomi tushirilgan yorliq, texnik talablar ko’rsatilgan bo’lishi lozim.
  16. Kislota saqlash xonalarida favqulodda holatda kislota, suv, ohak eritmasi yoki to’kilgan kislotani neytrallash uchun soda va himoya vositalari uchun zaxira idishlar bo’lishi lozim.
  17. Kislotali rezervuar va idishlarda «Xavfli kislota» yozuvi va kislotaning nomi yozilgan bo’lishi lozim.
  18. Kislota uchun rezervuarlarga benzin, kerosin, yog’ va spirt tushishiga yo’l qo’ymaslik kerak.
  19. Ushlagichli savatlarga yoki yog’och panjarali qutiga qadoqlangan kislotali butilkalarni guruhlari bo’yicha 2 — 4 qator qilib, har bir guruhda 100 donadan ko’p bo’lmagan holda saqlash zarur. Guruhlar orasidagi o’tish yo’lagi kengligi 1 m dan kam bo’lmasligi kerak.
  20. Butilkalar xlorli kaltsiy eritmasi shimdirilgan material bilan qoplangan bo’lishi kerak.
  21. Kislotalarni boshqa kimyoviy moddalar va materiallar bilan birgalikda saqlamaslik kerak.
  22. Qattiq o’yuvchi natriy (o’yuvchi kaliy) temir barabanlarda, suyuq o’yuvchi natriy (kaliy) — temir banka, idish (bak), barabanlarda, yozda esa shisha butilkalarda yumshoq qatlam bilan panjaralangan holda saqlanishi lozim. O’yuvchi natriyli idishlarda «Xavfli — o’yuvchi natriy» (o’yuvchi kaliy) yozuvi bo’lishi lozim.
  23. TSianidli birikmalar va kislotalarni birgalikda saqlamaslik kerak.

5-§. Xodimlarni transport vositasida tashishda qo’yiladigan xavfsizlik talablari

  1. Haydovchi yo’lga chiqishdan oldin yo’lovchilarga transport vositasiga chiqish va tushish qoidalari hamda transport vositasi harakati vaqtida o’zlarini qanday tutishlari to’g’risida yo’l-yo’riq berishi lozim.
  2. Haydovchi transport vositasi kabinasida ruxsat berilganidan ortiq odam olmasligi kerak. Tirkamalarda odamlarni tashimaslik lozim.
  3. Xodimlarni tashish uchun mo’ljallangan yuk tashuvchi transport vositasining kuzovi bortining yuqori qismidan 150 mm pastga o’rnatilgan o’rindiqlar bilan jihozlangan bo’lishi zarur. Orqa va yon tomonlardagi o’rindiqlar mustahkam suyanchiqqa ega bo’lishi lozim.
  4. Transport vositalarining ichida xodimlar bo’lganda, transport vositasining tezligi soatiga 60 km dan oshmasligi lozim.
  5. Xodimlarni yarim tirkamalarda tashishga ruxsat etilmaydi. Kuzov bortlari bilan barobar yoki baland joylashgan va bo’yiga uzun bo’lgan yuklar ustida odamlarni olib ketish man etiladi.
  6. Qishda zanjirli transport vositalarida odamlarni tashishga yo’l qo’yiladi.

6-§. Maydonlarni tozalashda qo’yiladigan xavfsizlik talablari

  1. Maydonlarni tozalash ishlarini boshlashdan oldin ushbu maydondagi yirik toshlar va yiqilish xavfi bo’lgan daraxtlarni kesishda daraxt kesish qoidalariga rioya qilish lozim.
  2. Maydonlarni tozalash ishlari ikkita transport vositasi bilan olib borilganda, ular orasidagi masofa kamida 60 m, shox-shabbalarni yig’ishtirayotgan ishchilar esa transport vositalaridan 30 m uzoqlikda bo’lishlari shart.
  3. Kuchli yog’ingarchilikda hamda yer qurimagunga qadar va botqoqlangan yerlarga transport vositalarini kirishi taqiqlanadi. Botqoqlangan yerlarga transport vositalarini yer qurigandan keyin kiritilishi lozim.

7-§. O’rmon xo’jaligida yer tayyorlash ishlarida qo’yiladigan xavfsizlik talablari

  1. O’rmonlar o’rnatilgan tartibda kesilgandan keyin yer tayyorlash bo’yicha ishlarni tashkil qilishdan oldin yo’laklar ochilib tozalash ishlari amalga oshirilishi lozim.
  2. Tez o’suvchi va maxsus plantatsiyalardagi daraxtzorlarda 1 ga maydonda 600 dan ortiq to’nkalar bo’lsa, to’nkalarni olib tashlamasdan turib ushbu maydonga pluglarni, frezalarni va diskli kultivatorlarni kiritib ish bajarish taqiqlanadi.
  3. Odamlar ishlab turgan frezadan 15 m uzoqlikda bo’lishlari lozim.
  4. Qo’lda boshqariladigan motorli moslamalar bilan yerga ishlov berishda, ularni bir joydan ikkinchi joyga o’chirilgan holda ko’chirish lozim.
  5. Ishlar tog’ qiyaliklarida bajarilayotganda, uning tagida butun yo’nalish bo’yicha odamlar bo’lishi taqiqlanadi. Ushbu ish bajarilayotgan maydon chegaralarida ish olib borilayotganligi to’g’risida ogoxlantiruvchi belgilar qo’yilishi lozim.
  6. 80 darajagacha bo’lgan qiyaliklarda umumiy foydalanishga ruxsat berilgan g’ildirakli transport vositalari bilan, 120 darajagacha bo’lgan qiyaliklarda umumiy foydalanishga ruxsat berilgan zanjirli transport vositalari bilan gorizontal yo’nalishda yer tayyorlash ishlari olib boriladi va maxsus ish bajarish lozim bo’lgan qiyaliklarda maxsus markali transport vositalari bilan ishlar bajarilishi lozim.
  7. Bir vaqtning o’zida ikki va undan ortiq transport vositalari tog’ qiyaliklarida ishlayotganda, ular orasidagi eng kam masofa 60 m, gorizontal holatda ishlaganda esa 30 m bo’lishi zarur. Transport vositalari bir vaqtda bir vertikal yo’nalishda ishlashlari taqiqlanadi.
  8. Qiyaligi 250 darajagacha bo’lgan tog’larda terrasalar tayyorlashda tajribaga ega bo’lgan traktorchilar ish boshqaruvchi nazorati ostida 5 kun stajirovkadan o’tkazilishi lozim.
  9. Tog’ qiyaligida terrasa qirqish jarayonida transport vositalari kabinasida boshqa odamlar bo’lishiga ruxsat berilmaydi. Ish bajarayotgan paytda transport vositalari eshiklarining yuqori tomonidan ochiq qoldirilishi lozim.
  10. Tog’ qiyaliklarida terrasa kesish paytida, ularni ish bajaradigan joylarga borishlari, terrasadan terrasaga o’tishlari, maydonda bemalol burilishlari uchun yo’llar qurilishi lozim. Xavfsizlik yo’llari to’g’ri bo’lishi, transport vositalari yurgan paytida yoki burilganda ikki tarafdan 1 m dan kam bo’lmagan joy qoldirilishi talab etiladi.
  11. Katta qiyaliklarda va tuproq yemirilishiga (eroziyaga) uchragan qiyaliklarda yuvilib ketgan maydonlarni tuproq bilan to’ldirish, ularni yuvilib ketishini oldini olish choralarini ko’rish lozim.

8-§. Urug’dan va ko’chatdan o’rmon barpo etishda qo’yiladigan xavfsizlik talablari

  1. To’nkalardan tozalanmagan yoki qisman tozalangan maydonlarda o’rmon daraxtlarining urug’lari traktorga o’rnatilgan osma seyalkalarda sepilishi lozim.
  2. O’rmon daraxtlari urug’larini seyalkalarda sepish paytida ekish apparatlariga qo’lni tiqib tozalash taqiqlanadi hamda ishchilarga maxsus tozalash moslamalari berilishi va u bilan seyalkalarni tozalash lozim.
  3. Ko’chat ekish agregati bilan ish bajarilishida traktorchi va ko’chat ekish agregatida o’tirgan ishchi o’rtasida signalizatsiya bo’lishi lozim. Agregatda o’tirgan ishchi biron bir nosozlikni aniqlaganda traktorchiga traktorni to’xtatish to’g’risida signal berishi kerak.
  4. Transport vositasida bir nechta xodim ishlasa, ular ichidan rahbar saylanishi lozim.
  5. Ko’chat ekish agregati bilan ish bajarilayotgan paytda, ko’chatlarni to’g’rilaydigan ishchilar undan 10 m uzoqlikda bo’lishlari lozim. Agregat ish bajarayotgan paytda unga chiqish, o’tirish va ko’chat ortish taqiqlanadi.
  6. Transport vositasi biron bir to’siqqa duch kelganda, burilishlarda va bir joydan ikkinchi joyga o’tishda ko’chat ekuvchilar agregatda traktorchining signali bo’yicha transport vositasi o’chirilgandan keyin tushishlari lozim.
  7. Tekis maydonda bir vaqtning o’zida bir nechta ko’chat ekish agregatlari bilan ish bajarilayotganda ular orasidagi masofa kamida 20 m bo’lishi kerak.
  8. Ko’chat ekish va urug’ sepish agregatlarida markerlarni ishchi holatiga hamda transport vositasi holatiga o’rnatish va agregat to’liq to’xtatilgandan so’ng amalga oshirilishi lozim.
  9. Ko’chat ekish agregatlari tog’ qiyaliklarida ishlaganda xavfsizlik talablariga rioya qilishlari lozim.

9-§. Ko’chatxonalarda ishlashda qo’yiladigan xavfsizlik talablari

  1. Yerni tayyorlash va unga ishlov berish, urug’ sepish va ko’chat ekish transport vositalarida xavfsizlik talablariga rioya qilish lozim.
  2. Ko’chatxonalarga mineral o’g’itlar berishda va ximikatlar bilan purkashda ishchilar himoya ko’zoynaklari va respiratorlar bilan ta’minlangan bo’lishi lozim.
  3. Xodimlarni transport vositasida tashilganda ularning ish qurollari transport vositasidagi maxsus ajratilgan joylarda tashilishi shart.
  4. Sug’orish ishlarini tashkil qilishda suv yuborish nasoslarini quyidagi holatlarda o’chirish lozim:

nasosda bosim ko’tarilganda; rezina quvurlardan suv oqib ketganda, quvurlar yorilganda va monometr ishdan chiqqanda; klapanlar ishdan chiqqanda.

  1. Kultivator kovlash moslamasi bilan ayrim ishlar bajarilganda quyidagilarga rioya qilishlari lozim:

traktor ish bajarayotganda uni ustiga o’tirish, tushish va kultivator ustida turish; ko’tarilgan moslamalar tagida turish va yotish.

  1. Traktor bilan ko’chat qazish ishlari bajarilayotganda ishchilar kamida 5 m uzoqlikdagi masofada turishlari lozim.
  2. Issiqxonalarda ko’tarilgan romlarni ushlab turish uchun maxsus tirgovuchlar ishlatilishi lozim.
  3. Issiqxonalar ustini qishda qordan tozalash uchun maxsus taxtadan tayyorlangan narvonlardan foydalanish lozim.

10-§. Urug’larni tayyorlash va qayta ishlashda qo’yiladigan xavfsizlik talablari

  1. Daraxt ustidagi urug’larni tayyorlash uchun ishchilar maxsus narvonlar, ko’targich moslamalar bilan ta’minlangan bo’lishi lozim. 15 m dan baland bo’lgan daraxtlardan urug’ tayyorlash uchun maxsus ko’targichli moslamalardan foydalanishi zarur.
  2. Urug’ tayyorlashda ishlayotgan ishchilar saqlanish belbog’lari, kaskalar va ko’zoynaklar hamda boshqa zarur uskunalar bilan ta’minlangan bo’lishi lozim.
  3. Quyidagi hollarda o’rmon daraxtlaridan urug’ terish taqiqlanadi:

yiqilish xavfli bo’lgan daraxtlardan; kuchli yog’ingarchilikda, shoxlari muzlaganda, shamolning tezligi sekundiga 6,5 m bo’lganda va kuchli tuman bo’lganda.

11-§. O’rmonlarda kesish va sog’lomlashtirish ishlarini bajarishda qo’yiladigan xavfsizlik talablari

  1. O’rmonlarda kesish ishlari tasdiqlangan texnologik xarita asosida olib borilishi lozim.
  2. O’rmonlarda kesish ishlarida 3 dan ortiq xodimlar ishlaganda ular orasidan bittasi rahbar qilib tayinlanishi lozim.
  3. Benzinli yoki elektr arralar bilan kesish ishlarini bajarishda quyidagilar taqiqlanadi:

arra ishlayotganda bir daraxtdan ikkinchi daraxtni kesishga o’tish; daraxtlarni kesishni burchak ostida amalga oshirish; daraxt kesish ishlarida maxsus ko’nikmaga ega bo’lmaganlarni ishlatish; daraxt kesish ishlarini bajarayotgan paytda kesilayotgan daraxtning balandligiga ikki barobar masofada odamlar bo’lishi.

  1. Daraxt kesish ishlarini amalga oshirishda quyidagilarni ta’minlash zarur:

daraxt kesuvchining yordamchisi bilan birga bo’lishi; daraxtni ochiq joyga yoki oraliqqa va boshqa daraxtlarga ziyon yetkazmasdan ag’darish; yiqilish xavfi bo’lgan daraxtlarni birinchi navbatda kesish; kesilgan daraxtlarni traktorlarda sudrash uchun 5 m kenglikda yo’llar ochishni ta’minlash.

12-§. O’rmon meliorativ ishlarini olib borishda qo’yiladigan xavfsizlik talablari

  1. O’rmon meliorativ ishlari o’rmon tuzish loyihalarida belgilangan va tasdiqlangan texnologik karta asosida olib borilishi lozim.
  2. O’rmon meliorativ ishlarini (zax qochirish) katta maydonlarda mexanizmlar yordamida va kichik maydonlarda esa qo’l kuchi bilan bajarilishi lozim.
  3. Yer o’yish mexanizmlari bilan ish boshlashdan oldin to’nkalarni olib tashlash va maydonlarni tozalash ishlari amalga oshirilishi lozim.
  4. Yer o’yish ishlari yer osti kommunikatsiyalari yoki elektr tarmoqlari bo’lgan taqdirda tegishli idoralarning mas’ul xodimlari bilan va ushbu ishga mas’ul shaxs rahbarligida ishlar olib borilishi lozim.
  5. Melioratsiya ishlarini bajarishda ekskovatorlar ishlashi uchun quyidagilarni ta’minlash zarur:

erlarni tekislash; yoqilg’i moylash materiallari bilan ta’minlash; ish bajargandan keyin ekskavatorni xavfsiz masofaga olib, kovshini yerga tirkab qo’yish.

13-§. Organik o’g’itlar bilan ishlov berishda qo’yiladigan xavfsizlik talablari

  1. Organik o’g’itlar bilan ishlashda mexanizator asosan transport vositasini ishlatishdagi xavfsizlik talablariga rioya qilishi shart.
  2. Ishni boshlashdan oldin boltli birikmalarni, reduktorda surkov moyi borligini, transportyor zanjirlarining tarangligini tekshirib ko’rish va kardan valni qo’lda aylantirib yuritma mexanizmlarda qisib qoladigan joylar yo’qligiga ishonch hosil qilish kerak.
  3. Transport vositasiga o’g’it bilan birga qattiq narsalar (tosh, taxta va boshqalar) tushib qolmasligini kuzatib turish lozim.

IV bob. Uskuna va jihozlarga qo’yiladigan xavfsizlik talablari

1-§. O’simliklarga kimyoviy ishlov berishda texnika vositalariga qo’yiladigan xavfsizlik talablari

  1. O’simliklarni kimyoviy muhofaza qilishda ishlatiladigan uskuna va moslamalar mavsum boshlanishi oldidan texnik ko’rikdan o’tkazilishi lozim.
  2. Pestitsidlar bilan ishlashda traktorchi xavfsizlik choralarini va zaharlanganda birinchi yordam ko’rsatish qoidalarini o’rganib olgandan keyingina ishlashiga ruxsat etiladi.
  3. Mexanizmlar ishlayotgan vaqtda boltli birikmalar, salniklar, zichlagichlar va magistral holati tekshirib ko’riladi.
  4. Idish qopqoqlarini ochish, saqlagich va redaktsion klapanlarni ochish, manometrlarni burab chiqarish taqiqlanadi.
  5. Aerozol generatori ishga tushirilayotganda va to’xtatilayotganda uning oldida turish man etiladi.
  6. Traktorchi shaxsiy gigiena qoidalariga qat’iy rioya qilishi zarur. Ishlayotgan vaqtda chekmaslik va ovqat yemaslik lozim. Pestitsid yoki kimyoviy aralashmalar bilan ishlayotgan traktorchi va xodimlarni tashkilot tomonidan kuniga 1 l miqdorida sut mahsulotlari (0,5 l sut va 0,5 l qatiq) bilan ta’minlanishi shart.
  7. Ovqatlanishdan oldin qo’l, oyoqlarni yuvish va og’izni chayish lozim.
  8. Maxsus kiyimlarni uyga olib ketish taqiqlanadi.
  9. O’rmonlarga dori purkash ishlarini shamol tez

Toshkentda ob-havo

Harorat: 4°

Namlik 72% Shamol 5.21 м/c
Saytimizning yangi ko'rinishi yoqdimi? (94)