O‘zbekistonda pavlovniya plantatsiyalari tashkil qilinadi

Respublikada tez o‘suvchi va sanoatbop pavlovniya daraxti plantatsiyalarini barpo qilish chora-tadbirlari qabul qilinadi.

 

Vazirlar Mahkamasining muhokama uchun e’lon qilingan qarori loyihasiga ko‘ra, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining respublika bo‘yicha tuproq va iqlim sharoitidan kelib chiqib, suv tanqis, yer osti suvlari 30 metr chuqurlikda joylashgan foydalanilmayotgan zaxira maydonlarda hamda o‘rmon fondining suv tanqis yoki tuprog‘i sho‘r bo‘lgan yerlarida pavlovniya plantatsiyalarini tashkil qilish bo‘yicha takliflariga rozilik berilishi mumkin.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Energetika vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi, Toshkent davlat agrar universiteti olimlari hamda viloyatlar hokimliklari ishtirokida pavlovniya plantatsiyalarini tashkil qilish va moliyalashtirish manbalarini aniqlash bo‘yicha tuzilgan Ishchi guruhi tasdiqlanadi.

Ishchi guruhining asosiy vazifasi etib quyidagilar belgilanadi:

soha olimlarini jalb qilgan holda pavlovniya daraxtining biologik xususiyatidan hamda hududlarning tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib, plantatsiyalar tashkil etiladigan hududlarni o‘rganib chiqish;

kelajakda olinadigan xom-ashyo mahsuldorligini oshirish, qayta ishlashga va eksportga qulay sharoit yaratish maqsadida pavlovniya plantatsiyalarini barpo etish uchun har bir loyiha bo‘yicha kamida 100 gektardan kam bo‘lmagan yer maydonlarini ajratilishini tashkil etish;

pavlovniya daraxti plantatsiyalarini barpo etish uchun moliyalashtirish manbalarini aniqlash;

amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga har chorak yakunida axborot taqdim etib boriladi.

Quyidagilar:

respublika bo‘yicha tuproq va iqlim sharoitidan kelib chiqib, suv tanqis, yer osti suvlari 30 metr chuqurlikda joylashgan foydalanilmayotgan zaxira maydonlarda hamda o‘rmon fondining suv tanqis yoki tuprog‘i sho‘r bo‘lgan yerlarida sinov tariqasida 2020-2024 yillarda pavlovniya daraxti plantatsiyalarini barpo etish prognoz ko‘rsatkichlari;

pavlovniya daraxti plantatsiyalarini barpo etish 2020-2024 yillarda talab qilinadigan ko‘chatlar miqdori prognoz ko‘rsatkichlari tasdiqlanadi.

Foydalanilmayotgan, zaxira maydonlaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritadigan pavlovniya yetishtiruvchi talabgorlarga yer maydoni tanlov o‘tkazmasdan tuman hokimlari qarori asosida ajratilishiga ruxsat beriladi.

O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi va Toshkent davlat agrar universiteti, respublikada ilm-fan va innovatsion texnologiyalarga asoslangan urug‘siz, steril pavlovniya duragay ko‘chatlarini in-vitro, qalamcha va boshqa vegetativ usullarda tayyorlash va ko‘paytirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqib, o‘zlarining veb-saytlariga joylashtirishadi.

Asalarichilar uyushmasi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi asal yetishtiruvchilari va pavlovniya plantatsiyalarini barpo qilishni amalga oshirgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarni o‘zaro hamkorligini tashkil etishadi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi bilan birgalikda pavlovniya daraxtlarini plantatsiyalarini tashkil etish bo‘yicha loyiha takliflarini ishlab chiqib, xalqaro moliya institutlari va donor tashkilotlarning mablag‘larini jalb etish choralari ko‘riladi.

«O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi qurilish materiallari sanoatida yog‘och va yog‘och-qirindi xom-ashyosi sifatida pavlovniyani ishlatish imkoniyatlarini xorijiy innovatsion tajribasini o‘rganib chiqib, o‘rganishlar natijasida ishlab chiqaruvchilarga mahsulotni yetishtirish muddati va hajmlaridan kelib chiqib buyurtma berish bo‘yicha buyurtmalar portfelini shakllantirib borish vazifasi yuklatiladi.

Iqtisodiyot va sanoat vazirligi respublikada mebel va qurilish sanoatida, energetika, tibbiyot hamda obodonlashtirishda pavlovniyani keng qo‘llash bo‘yicha talab va taklifni o‘rganib chiqib, sohalar kesimida pavlovniya xom-ashyosiga bo‘lgan talabni hamda qo‘shilgan qiymat hosil qiluvchi tayyor mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha texnologik jarayonlarini (TEO) ishlab chiqishadi.

 

 

Manba:kun.uz

Toshkentda ob-havo

Harorat: 36°

Namlik 17% Shamol 6.8 м/c
O'zbekistonda eng ko'p ekiladigan daraxt turi: (0)