O‘ZBEKISTON O‘RMON XO‘JALIGI VAKILLARI YIRIK XALQARO TADBIRDA QATNASHDI

Dehli, 15 sentabr. /“Dunyo” AA/. Hindistonning Noida shahrida BMTning Cho‘llanishga qarshi kurashish konvensiyasining Tomonlar konferensiyasi doirasidagi yuqori darajali uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Dunyoning 160 davlatidan vakillar kelgan mazkur yirik tadbirda O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi delegatsiyasi ishtirok etdi.

Anjuman doirasida bo‘lib o‘tgan vazirlar uchrashuvida mamlakatimiz vakillari tomonidan mamlakatimizda ushbu sohada olib borilayotgan ishlar, xususan, hosildorligi pasayib ketayotgan yerlarni tiklash hamda chang va bo‘ronlarga qarshi kurashish, Orol dengizining qurigan tubida amalga oshirilayotgan kompleks chora-tadbirlar borasida batafsil ma’lumot taqdim qilindi.

O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan qator xorijiy davlatlar va xalqaro tuzilmalar vakillari, jumladan, BMTning Cho‘llanishga qarshi kurash konvensiyasi ijrochi kotibi, Janubiy Koreyaning o‘rmon xizmati vaziri, Turkiya Respublikasining Cho‘llanishga qarshi kurashish va eroziya nazorati vakili, WOCAT (Dunyo tabiatini saqlash bo‘yicha yondashuv va texnologiyalar) tashkiloti rahbariyati va boshqalar bilan muzokaralar o‘tkazildi va o‘zaro manfaatli kelishuvlarga erishildi.

 

BMTning Cho‘llanishga qarshi kurash konvensiyasi ijrochi kotibi Ibrohim Tiav Markaziy Osiyodagi ekologik muammolarni hal etishda O‘zbekistonning tashabbuslari va amalga oshirayotgan keng ko‘lamli ishlarini alohida e’tirof etdi. Xususan, Orol dengizning qurigan tubida amalga oshirilayotgan amaliy ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida Ibrohim Tiav yaqin kelajakda O‘zbekistonga tashrif buyurish istagida ekanini ma’lum qildi.

Jahon bankining Tabiiy resurslarni boshqarish bo‘yicha yetakchi mutaxassisi Paola Agustini O‘zbekiston Bonn chaqiruvi bo‘yicha e’lon qilgan natijalarga erishgani hamda bu borada yangi marralarni belgilayotganini e’tirof etib, o‘zaro hamkorlikdagi loyihalarini amalga oshirishga tayyorligini bildirdi. Muzokaralar yakunida Jahon banki mablag‘larini O‘zbekistonda o‘rmonchilik sohasini rivojlantirishga yo‘naltirish bo‘yicha birlamchi kelishuvlarga erishildi.

 

 

Manba: jahonnews.uz

Toshkentda ob-havo

Harorat: 23°

Namlik 33% Shamol 4.23 м/c
O'zbekistonda eng ko'p ekiladigan daraxt turi: (0)