O‘zbekistonda oktabr oyining birinchi haftasi «Keksalar haftaligi» etib belgilanadi

Vazirlar Mahkamasining “Keksa avlod vakillarining jamiyatdagi o‘rni va ijtimoiy faolligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi, O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining:

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 1990 yil 14 dekabrdagi A/RES/45/106-son rezolyutsiyasi bilan e'lon qilingan 1 oktabr – “Xalqaro keksalar kuni”ni O‘zbekiston Respublikasida ham har yili ushbu sanada keng nishonlash maqsadida oktabr oyining birinchi haftasini “Keksalar haftaligi” etib belgilash;

Keksa avlod vakillarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, jamiyatdagi o‘rnini yanada oshirish hamda “Keksalar haftaligi”ni yuqori saviyada tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholi muammolari bilan ishlashda mahalla institutining mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019 yil 2 apreldagi PF-5700-son Farmoni bilan tashkil etilgan “Keksalar maslahati” guruhlarining Namunaviy nizomi tasdiqlanishi to‘g‘risidagi takliflari ma'qullanishi mumkin.

Quyidagilar “Keksalar maslahati” guruhlarining asosiy faoliyat yo‘nalishlari etib belgilanadi:

keksa avlod vakillarining davlat va jamiyat hayotidagi ijtimoiy faolligini oshirish, mahalladagi muammolarni hal etish, milliy urf-odat, an'ana va marosimlarni tashkil etish va o‘tkazishda yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish;

mahallalarda ijtimoiy-ma'naviy muhit barqarorligini ta'minlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishda va aholining ayniqsa yoshlarning huquqiy savodxonligini yuksaltirishda faollik ko‘rsatish;

mahallalarda aholiga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot va idoralar, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ustidan qonunda belgilangan tartibda jamoatchilik nazoratini o‘rnatish;

mahallalarda aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish, aholining, ayniqsa, yoshlarning huquqiy savodxonligini yuksaltirishga ko‘maklashish;

kam ta'minlangan va ko‘p bolali oilalar, yolg‘iz, nogironligi bo‘lgan fuqarolar holidan xabar olish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashda davlat va jamoat tashkilotlariga ko‘maklashish;

mahallalarda aholi o‘rtasida jismoniy tarbiya mashg‘ulotlari guruhlarini shakllantirish, ommaviy sport musobaqalariga yoshlarni qiziqtirish va keng jalb etishda faollik ko‘rsatish;

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:

vazirliklar, idoralar va xo‘jalik boshqaruvi organlarida faoliyat yo‘nalishidan kelib chiqib rahbar o‘rinbosaridan biri jamoatchilik asosida keksalar masalalari bo‘yicha mas'ul etib belgilanadi va “faxriylar kengashlari” faoliyatini muvofiqlashtiradi;

mehnat jamoalarida pensiyaga chiqish arafasida bo‘lgan mehnat faxriylarini uzoq yillik samarali faoliyati uchun taqdirlash va nafaqaga kuzatish tadbirlarini o‘tkazish joriy etiladi.

Xalq ta'limi vazirligi, Respublika kengashi va O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi bilan birgalikda umumta'lim muassasalarida doimiy ravishda keksa avlod vakillari, nuroniylarning boy va ibratli hayot tajribasi, amaliy bilim va ko‘nikmalarini yoshlarga targ‘ib etishga qaratilgan uchrashuvlar, ma'rifiy tarbiya soatlari tashkil etadi.

Respublika kengashi, O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi, Xotin-qizlar qo‘mitasi va O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi 2019 yil 1 sentyabrdan boshlab har yili “Keksalar maslahati” guruhlarining eng faol a'zolarini doimiy ravishda belgilangan tartibda “Mehnat faxriysi”, “Mo‘tabar ayol” va “Mahalla iftixori” ko‘krak nishonlariga tavsiya etib boradi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, Respublika kengashi, O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi va O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi:

“Keksalar maslahati” guruhlarini doimiy ravishda homiylik va mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘radi;

ijtimoiy-ma'naviy muhitni barqarorlashtirish, ehtiyojmand, mehr-muruvvatga muhtoj, boquvchisiz qolgan keksa va nogironligi bo‘lgan fuqarolarni moddiy-ma'naviy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan manzilli dasturlar va yo‘l xaritalarini ishlab chiqishda “Keksalar maslahati” guruhlarning takliflarini inobatga oladi;

“O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” ichki turizmni rivojlantirish dasturiga muvofiq keksa avlod vakillarining respublika bo‘ylab tarixiy shaharlar va ziyoratgohlarga tashriflarini uyushtiradi.

 

Manba:kun.uz

Toshkentda ob-havo

Harorat: 28°

Namlik 32% Shamol 8.3 м/c
O'zbekistonda eng ko'p ekiladigan daraxt turi: (158)