«Nukus» erkin iqtisodiy zonasi tashkil etiladi

O‘zbekistonda “Nukus” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etiladi. Prezident qarori loyihasi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Moliya vazirligining “Nukus-farm” erkin iqtisodiy zonasini “Nukus” erkin iqtisodiy zonasiga aylantirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik beriladi.

Quyidagilar “Nukus” EIZning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilanadi:

tashqi bozorlarda talab kuchli bo‘lgan va import o‘rnini bosuvchi, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha zamonaviy ishlab chiqarishlarni tashkil qilish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy va mahalliy investitsiyalarni jalb etish;

Qoraqalpog‘iston Respublikasining ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan, shu jumladan keyinchalik qayta ishlash maqsadida dorivor o‘simliklar xomashyosini o‘ziga xos tabiiy sharoitlarda yetishtirish imkoniyatidan kompleks hamda samarali foydalanishni ta'minlash; 

meva-sabzavot va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, saqlash va qadoqlash, shuningdek, to‘qimachilik, poyabzal va charm-galantereya, oziq-ovqat, elektrotexnika, mashinasozlik, avtomobilsozlik, kimyo sanoati, qurilish materiallari tarmoqlarida, birinchi navbatda belgilangan tartibda tashkil etilgan plantatsiyalarda yetishtirilgan dorivor o‘simliklar xomashyosi va dorivor preparatlar (substansiyalar) negizida yuqori qo‘shilgan qiymatli zamonaviy farmatsevtika mahsulotlari va dori vositalarini ishlab chiqarish bo‘yicha yangi korxonalar tashkil etish;

mahalliy xomashyo va materiallar negizida ishlab chiqarishlarni tashkil etish bo‘yicha mustahkam kooperatsiya aloqalarini o‘rnatish, shuningdek, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish asosida erkin iqtisodiy zonalar ishtirokchilari o‘rtasida yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish;

“Nukus” EIZ hududida ishlab chiqarish, muhandislik-kommunikatsiya, yo‘l-transport va ijtimoiy infratuzilmani jadal rivojlantirish, shuningdek, ushbu hududda sifatli logistika xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha zamonaviy infratuzilmani shakllantirish;

“Nukus” EIZning ixtisoslashgan kadrlarga bo‘lgan joriy 
va istiqboldagi ehtiyojlaridan kelib chiqib, yuqori malakali mutaxassislarni, shu jumladan ularning “Nukus” EIZ hududida joylashgan korxonalarda ishlab chiqarish amaliyotini o‘tashi orqali tayyorlashda qatnashish;

dorivor o‘simliklar xomashyosi introduksiyasi va kultivatsiyasini o‘rganish bo‘yicha tajriba-sinov laboratoriyalariga ega ilmiy-tadqiqot markazlarini tashkil etish.

Belgilanishicha:

“Nukus” EIZning faoliyat yuritish muddati 30 yilni tashkil etadi va ushbu muddat keyinchalik uzaytirilishi mumkin;

“Nukus” EIZ hududida alohida soliq va bojxona tartiblari amal qiladi.

“Nukus” EIZ ishtirokchilariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 26 oktyabrdagi “Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini faollashtirish va kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–4853-son Farmonining 3, 4 va 5-bandlari qoidalari tatbiq etiladi.

Belgilanishicha:

“Nukus-farm” EIZ direksiyasi” davlat unitar korxonasining huquq va majburiyatlari belgilangan tartibda “Nukus” EIZ direksiyasi” davlat unitar korxonasiga o‘tadi;

“Nukus-farm” erkin iqtisodiy zonasi ishtirokchilari qo‘shimcha tartib-taomillardan o‘tmagan holda “Nukus” EIZ ishtirokchisi maqomiga ega bo‘ladi va ular uchun qonunchilikda avval nazarda tutilgan imtiyozlar va preferensiyalar saqlab qolinadi.

 

Manba:kun.uz

Toshkentda ob-havo

Harorat: 28°

Namlik 32% Shamol 8.3 м/c
O'zbekistonda eng ko'p ekiladigan daraxt turi: (158)