Xitoylik mutaxassislar bilan kelishuvga erishildi.

Orol dengizining suvi qurishi natijasida so‘nggi yillarda ekologik muhit va tabiiy muvozanat buzilib, iqlim salbiy tomonga o‘zgarib bormoqda. Ushbu hududlardan zaharli qum, tuz va changlarni havoga ko‘tarilishi va atrof muhitga yog‘ilishi natijasida Orolbo‘yi mintaqasidagi aholiga, o‘simlik

va hayvonot dunyosiga jiddiy zarar yetmoqda. Qishloq xo‘jaligi ekinlari, bog‘ va tokzorlar ekilgan yerlarda ikkilamchi sho‘rlanishlar kuchayib, hosildorlikka salbiy ta’siri kuzatilmoqda. Hududdan har yili bir 100 million tonnadan ortiq qum va tuz zarralari necha ming kilometr masofagacha tarqalmoqda.

Ushbu ekologik talofatning zudlik bilan oldini olish choralari ko‘rilmasa, natijasi salbiy va hisoblab bo‘lmaydigan darajada ekologik, ijtimoiy va iqtisodiy zararlarga sabab bo‘ladi.

Orol dengizining suvi qurigan tubidan ko‘tarilayotgan zaharli qum, tuz va chang zarrachalarining salbiy ta’sirini kamaytirish, ushbu hududlarda cho‘l o‘simliklaridan “Yashil qoplamalar” – himoya o‘rmonzorlari barpo etishni samarali tashkil etish, qum ko‘chishi va havoga chang-tuz ko‘tarilishini oldini olish maqsadida, 2019 yil 15 fevralda Vazirlar Mahkamasining “Orol dengizi tubidagi suvi qurigan hududlarda “yashil qoplamalar”-himoya o‘rmonzorlari barpo etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qilingan edi.

Bundan 2018 yil 24 avgust kuni Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf qilish taklifini ilgari surgan edi. U 10−12 yil ichida dengizning butun qurigan tubini o‘rmonlashtirish va u yerda yuqori samaradorlikka ega yaylovlar tashkil etib, chorvachilikni rivojlantirish uchun qulay imkoniyat yaratish mumkinligini ma’lum qildi.

Agar mustaqillik yillarida O‘zbekiston bo‘yicha 1 million 220 ming gektarga yaqin o‘rmonzor yaratilgan bo‘lsa, shundan 500 ming gektarga yaqini aynan Orolbo‘yi hududida barpo etilgan. Bu masalada qabul qilinayotgan maxsus dasturga ko‘ra, Orol dengizining qurigan hududida 2019 yilning o‘zida yana 700 ming gektar yerda sho‘rga chidamli daraxt ko‘chatlari va saksovullardan o‘rmonzor barpo etiladi.

Orol bo‘yida quyidagi vazifalarni amalga oshirish muhim va o‘ta dolzarb sanaladi. Birinchidan, cho‘llanishning oldini olishga qaratilgan sahroga chidamli saksovul, qandim, cherkez kabi o‘simliklardan iborat o‘rmonzorlar barpo etish lozim. Bu o‘z o‘rnida ikkita muhim masalani hal etish imkonini beradi. Birinchidan, qum ko‘chishining oldi olinadi Ikkinchidan, cho‘l zonada ozuqabop hisoblangan chogon, tereskan, boyalich, qayrouk kabi o‘simliklarni ko‘paytirish lozim. Bu ishlarni amalga oshirish orqali chorvachilikni rivojlantirib, yangi ish o‘rinlarini yaratishga erishish mumkin. Bu o‘z o‘rnida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga, aholining go‘sht va sut mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojni qondirishga xizmat qiladi.

Yurtboshimiz avgust oyida Muynoqqa qilgan tashrifi davomida bu ishlarni yanada jadallashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Yaqinda bir guruh mutaxassislar jahon tajribasini o‘rganish va dunyo miqiyosida cho‘llanishga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni o‘zlashtirish maqsadida Xitoy davlatida bo‘lib qaytishdi. Ularning cho‘llanishga qarshi kurashish tajribasini o‘rganishi davomida shu narsa ma’lum bo‘ldiki cho‘llanishga qarshi eng yaxshi natijalarni qo‘lga kiritgan va katta yutuqlarga erishgan "ELION GROUP" kompaniyasi faoliyati o‘zbek mutaxassislarida qiziqish uyg‘otdi. Kompaniya rahbariyati bilan uchrashuvda cho‘llanishga qarshi kurashishda Xitoy tajribasini o‘rganish va hamkorlik qilish uchun O‘zbekistonga taklif etishdi.

Mazkur uchrashuv natijasi o‘laroq kuni kecha 30 avgust kuni O‘rmon davlat xo‘jaligi rahbarlari bilan Mo‘ynoqda bo‘lib vaziyatni o‘rganib qaytgan Xitoyning "YeLION GROUP" kompaniyasi mutaxassislari o‘rtasida uchrashuv tashkil etilib muzokaralar o‘tkazildi. Har ikki tomonning takliflari tinglandi. Muzokaralar chog‘ida nafaqat Orol dengizini cho‘llanishiga qarshi balki har qanday sho‘r yerlarni tuzini qochiradigan yangi o‘simlik turlarini, urug‘larini olib kelib ekish bo‘yicha takliflar qo‘llab-quvatlandi. Uchrashuv so‘nggida hamkorlik memorandumiga kelishilib, kelgusida qilinadigan ishlar rejasi tuzib olindi. Muvaffaqiyatli o‘tgan uchrashuv har ikki tomon hamkorlarini qutlab, esdalik sovg‘alar almashinishi bilan yakunlandi.

Toshkentda ob-havo

Harorat: 28°

Namlik 32% Shamol 8.3 м/c
Saytimizning yangi ko'rinishi yoqdimi? (158)