O‘zbekistonda o‘rmon tuzish tartibi tasdiqlanadi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘rmon tuzish tartibini tasdiqlash to‘g‘risida”gi hujjat loyihasi e’lon qilindi.

Tartibga ko‘ra, o‘rmon tuzish va loyiha-qidiruv ishlari o‘rmonzorlari mavjud bo‘lgan O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasiga qarashli barcha o‘rmon xo‘jaliklarida, o‘rmon ov xo‘jaliklarida, milliy tabiiy bog‘larida, o‘rmon xo‘jaligi korxonalarida, o‘rmon tajriba stansiyalarida, ixtisoslashgan o‘rmon xo‘jaliklarida majburiy tarzda o‘n yilda bir marotaba o‘tkaziladi.

O‘rmon tuzish ishlari yuzasidan “O‘rmonloyiha” davlat unitar korxonasi har yilning to‘rtinchi choragida O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasiga kelgusi yil uchun o‘rmon tuzish rejasini taqdim etadi. Rejani shakllantirishda avvalo yangi tashkil etilgan o‘rmon xo‘jaliklari va avvalgi o‘rmon tuzish davridan o‘n yildan ortiq muddat o‘tgan xo‘jaliklar e’tiborga olinadi. Mazkur reja O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanib, “O‘rmonloyiha” davlat unitar korxonasi va boshqa tegishli tashkilotlarga elektron pochta orqali yuboriladi. Rejadan tashqari o‘rmon tuzish ishlarini bajarish yuzasidan “O‘rmonloyiha” davlat unitar korxonasi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuzishga yo‘l qo‘yiladi.

Davlat o‘rmon xo‘jaliklariga o‘rmon tuzish uchun ajratilgan mablag‘larni boshqa maqsadlarga sarflash qat’iyan man etiladi.

O‘rmon tuzish ishlarini bajarishdan avval o‘rmon xo‘jaligining chegarasi Yer resurslari va davlat kadastri xizmatlari bilan kelishib olinadi. Bunda o‘rmon xo‘jaligining chegarasi tushirilgan xaritaga Yer resurslari va davlat kadastri xizmatlari tomonidan imzo qo‘yilib, muhr bilan tasdiqlanadi.

O‘rmon tuzish ob’ekti. O‘rmon xo‘jaliklari tarkibidagi davlat o‘rmon fondi (DO‘F) yerlari o‘rmon tuzish ob’ekti hisoblanadi.

Dala o‘rmon tuzish, o‘rmon tuzish va boshqa qidiruv ishlari asosida har bir ob’ektga taftish davri uchun “O‘rmon xo‘jaligini istiqbolli rivojlantirish strategiyasi” ishlab chiqiladi.

Dala o‘rmon tuzish ishlari mazmuni. O‘zbekiston Respublikasi «O‘rmon to‘g‘risida»gi Qonunining 18-moddasiga asosan o‘rmon tuzish o‘rmonlarni muhofaza qilishni, himoya qilishni, ko‘paytirishni, takroriy ko‘paytirishni, qayta tiklashni, ularning mahsuldorligini oshirishni va ulardan oqilona foydalanishni ta’minlashga qaratilgan tadbirlar tizimidan iborat bo‘lib, quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

• davlat o‘rmon fondi uchastkalarining chegaralarini belgilash va davlat o‘rmon fondining o‘rmondan doimiy foydalanuvchilar foydalanishidagi hududining ichki xo‘jaligini tashkil etish;

• topografiya-geodeziya ishlarini bajarish va o‘rmonlarni maxsus xaritaga kiritish hamda ularning elektron ma’lumotlar bazasini shakllantirish;

• davlat o‘rmon fondini inventarizatsiyadan o‘tkazish;

• o‘rmonlarning yetilish yoshini belgilash, o‘rmon xo‘jaligini yuritish bilan bog‘liq holda o‘rmon daraxtlarining kesilishi hisob-kitobini, kesishlarning miqdorlarini hamda o‘rmondan foydalanishning boshqa turlari miqdorlarini aniqlash;

• davlat o‘rmon fondi uchastkalarida pichan o‘rish va chorva mollarini o‘tlatish, yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarning dorivor hamda texnik xom ashyosini, oziq-ovqat maqsadlari uchun yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarni yig‘ish va tayyorlash, daraxtlar hamda butalarni kesmagan holda o‘tin va shox-shabbalarni yig‘ish hajmlarini aniqlash;

• davlat o‘rmon fondi uchastkalarida asalari uyalari va qutilarini joylashtirish, o‘rmondan o‘rmon-ovchilik, ovchilik va (yoki) baliqchilik xo‘jaliklari ehtiyojlari uchun, ilmiy-tadqiqot, madaniy-ma’rifiy, tarbiyaviy, sog‘lomlashtirish, rekreatsiya hamda estetik maqsadlarda, shuningdek ekologik turizmni rivojlantirish maqsadida foydalanish imkoniyatlarini belgilash;

• o‘rmonlarni muhofaza qilish, himoya qilish, qayta tiklash va ko‘paytirish borasidagi ishlar hajmini, shuningdek boshqa o‘rmon xo‘jaligi ishlari hajmini aniqlash;

• o‘rmon tuzish loyihalarini ishlab chiqish va ularning amalga oshirilishi ustidan nazorat qilish.

O‘rmon tuzish loyihalari o‘rmon xo‘jaligini, o‘rmon-ovchilik, ovchilik va (yoki) baliqchilik xo‘jaliklarini yuritish, shuningdek muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni rivojlantirishga doir ishlarni tashkil etish hamda yuritish, o‘rmondan oqilona foydalanishni, joriy va istiqbolga mo‘ljallangan rejalashtirishni amalga oshirish uchun asosiy normativ-texnik hujjatdir.

O‘rmon tuzish O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tomonidan belgilangan tartibda barcha o‘rmonlarda yagona tizim bo‘yicha amalga oshiriladi.

O‘rmon tuzish darajalari. O‘rmon xo‘jaligini jadal yuritish, o‘rmondan foydalanish va rivojlantirish, o‘rmonlarning xalq xo‘jaligidagi ahamiyati hamda o‘rmon tuzish darajasiga ko‘ra o‘rmon tuzish ishlarini amalga oshirishda 3 ta daraja belgilangan.

Bir ob’ektning turli qismlarida o‘rmon tuzish har xil darajalarda amalga oshirilishi mumkin.

O‘rmon tuzish ishlarining takroriyligi. O‘rmon xo‘jaligini yurituvchi ob’ektlarda o‘rmon tuzish takroriyligi (davri) 10 yil deb qabul qilinadi.

Taftish davri davomiyligi davlat o‘rmon fondi yerlarida xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq o‘zgarishlar yoki tabiiy ofatlar oqibatida O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tomonidan qisqartirilishi – o‘zgartirilishi mumkin.

O‘rmon tuzish texnik kengashi va majburiyatlari. O‘rmon tuzish ishlarini bajaruvchi tashkilot davlat o‘rmon xo‘jaliklari bilan birgalikda o‘rmon tuzish yuzasidan texnik kengash o‘tkazadi.

Texnik kengash O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi bilan kelishgan holda o‘rmon tuzish guruhi va o‘rmon xo‘jaligi rahbari tomonidan chaqiriladi.

Kengash qo‘mita vakili, xo‘jalik rahbari, o‘rmon tuzish guruhi rahbari, muhandislar, taksatorlar va o‘rmon xo‘jaligi mutaxassislari - o‘rmonbegilari ishtirokida o‘tkaziladi.

Texnik kengash o‘rmon tuzish ishlari davomida yoki yakunida o‘tkaziladi va texnik kengash bayonnomasi tuziladi.

O‘rmon tuzish ishlari davomida o‘rmon xo‘jaligi quyidagilarni bajarishga majbur:

- vaqtincha foydalanish uchun o‘rmon tuzuvchilarga reja-xarita materiallari, o‘rmon fondidagi o‘zgarishlar haqidagi ma’lumotlar va o‘rmon tuzish ishlarini bajarish uchun zarur bo‘ladigan hujjatlarni taqdim etish;

- o‘rmon xo‘jaligi bilan chegaradosh xo‘jaliklar o‘rtasidagi yer masalalarini Yer resurslari va davlat kadastri xizmatlari orqali hal etish va uni tasdiqlatish;

- o‘tgan taftish davrida o‘rmon fondi yerlari hisobiga qo‘shilgan yoki hisobdan chiqarilgan yerlar haqida mahalliy hokimliklar qarorlarini taqdim etish;

- hududni o‘rmon bo‘limlari va kvartallarga bo‘linishi to‘g‘risida ma’lumotlar taqdim etish;

- o‘rmon fondida bo‘lgan o‘zgarishlardan xabardor qilish va ularni o‘rmon tuzish materiallariga kiritilishini ta’minlash.

Dala o‘rmon tuzish ishlari davomida o‘rmon xo‘jaliklari:

- o‘rmon bo‘limlariga o‘rmon tuzuvchilarni qo‘yish uchun ruxsat berish va ular bilan birga o‘rmon tuzish ishlarida ishtirok etishi haqida ko‘rsatma berishi;

- o‘rmon tuzish xodimlarining joylashishi va o‘rmon tuzish asbob-uskunalarini joylashtirish uchun xona ajratib berishi shart.

O‘rmon xo‘jaligi rahbarlari va mutaxassislari navbatdagi taftish davri uchun loyihalashtirilayotgan o‘rmon xo‘jalik tadbirlarini ishlab chiqishda ishtirok etishga majburdir.

“O‘rmonloyiha” davlat unitar korxonasi majburiyati – joylarda o‘rmon tuzish ishlarini mazkur tartib talablariga muvofiq, o‘rmon tuzuvchilar texnik kengashi qarorlari va shartnoma asosida amalga oshirishdan iborat.

Dala o‘rmon tuzish ishlarini nazorat qilish. O‘rmon tuzish tartibi, shartnoma talablarining bajarilishi ustidan davlat o‘rmon xo‘jaligi rahbariyati tomonidan nazorat olib boriladi.

Dala o‘rmon tuzish ishlarini topshirish-qabul qilish muddati va tartibi. Bajarilgan o‘rmon tuzish ishlari yuzasidan oraliq topshirish–qabul qilish dalolatnomalari har oyning oxirida to‘ldiriladi va o‘rmon xo‘jaligi muhri bilan tasdiqlanadi. Bu o‘z navbatida moliyaviy ta’minot uchun hujjat hisoblanadi. Yakuniy dalolatnoma dala o‘rmon tuzish ishlari tugatilgandan so‘ng 5 kun muddat ichida to‘ldiriladi. O‘rmon tuzilmalarini amalga oshirish natijasida topshiriladigan hujjatlar ro‘yxati mazkur tartibga ilova etiladi.

Kartografik materiallar bilan ta’minlash. O‘rmon tuzish ob’ekti hududi quyidagi geodezik va kartografik materiallar bilan ta’minlanishi shart:

- oldingi o‘rmon tuzishda loyihalashtirilgan tadbirlar reja–xarita materiallari;

- o‘rmon tuzish ob’ekti umumiy xaritasi.

Yuqorida qayd etilgan kartografik materiallar dala o‘rmon tuzish asbob-anjomlari (GPS, uzoqni o‘lchovchi lazerli moslama) yordamida tayyorlanadi.

O‘rmon fondi yerlari chegaralari Yer resurslari va davlat kadastri xizmatlari tomonidan tasdiqlangan materiallar asosida belgilanadi.

Yerdan foydalanuvchi qo‘shni xo‘jalik vakillari ishtirokida chegara qoziqlari o‘rnatib mustahkamlanadi va xo‘jalik rahbariyatiga dalolatnoma tuzib topshiriladi.

Loyihani ishlab chiqishda kerakli bo‘ladigan iqtisodiy ma’lumotlar jumladan, dala o‘rmon tuzish ishlarini boshlashdan avval quyidagi ma’lumotlar to‘planadi:

• joylashgan o‘rni, maydoni va o‘rmon bilan qoplanganlik darajasi;

• o‘zlashtirish lozim bo‘lgan ekish uchun yaroqsiz yerlar ro‘yxati;

• o‘rmondan qo‘shimcha foydalanishning maqsadga muvofiqligi;

• o‘rmon tuzish ob’ekti joylashgan hududning iqlimi;

• joyning relefi;

• tuprog‘i;

• o‘rmonlarni oldingi o‘rmon tuzish bo‘yicha qo‘riqlanish toifalariga bo‘linishi, belgilangan kesish yoshlari hamda taftish davrida bo‘lgan o‘zgarishlar;

• o‘rmon xo‘jalik korxonasi ixtiyoridagi davlat o‘rmon fondining yer toifalariga bo‘linishi;

• o‘rmon bilan qoplangan maydonlar va umumiy yog‘och zaxirasining ustunlik qiluvchi turlarga hamda yosh guruhlariga taqsimlanishi;

• xo‘jalik, bo‘limlar va o‘rmon tashkil etuvchi turlarning o‘rtacha taksatsion ko‘rsatkichlari.

Ma’lumotlar xo‘jalikning oxirgi taftish davridan keyingi yillar bo‘yicha to‘planadi.

Manba:kun.uz

Toshkentda ob-havo

Harorat: 28°

Namlik 32% Shamol 8.3 м/c
Saytimizning yangi ko'rinishi yoqdimi? (158)