O‘zbekiston olimlarining so‘nggi yillardagi ixtirolari

Inson intellektual salohiyatining o‘sib borishi hamda fan-texnikaning taraqqiy etishi natijasida yangi ixtirolar dunyo yuzini ko‘radi. Ularning paydo bo‘lishi o‘z navbatida insoniyat yashash sharoitini yaxshilash, mamlakat iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlash, sohalardagi innovatsion islohotlarga erishishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

O‘zbekistondagi ilm-fanning taraqqiyoti natijasida so‘nggi yillarda yurtimiz olimlari tomonidan turli sohalarda qator ixtirolar yaratilmoqda. Quyida e’tiboringizga O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi dan muhofaza hujjatlari olgan intellektual mulk ob’ektlari haqida ma’lumotlar keltirib o‘tamiz.

Xorazm Ma’mun akademiyasining seleksioner olimlari tomonidan olib borilgan ilmiy tadqiqotlar, izlanishlar natijasida g‘o‘zaning yangi navi yaratilgan edi. “Niyat“ deb nomlangan ushbu nav tolasining texnologik ko‘rsatkichlari O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi qoshidagi “Agrosanoat majmuida xizmat ko‘rsatish markazi“ unitar korxonasi laboratoriyasida tahlildan o‘tkazildi.

Tahlil amaliyotiga 2018 yilda yetishtirilgan ushbu nav paxta hosilidan tola namunalari taqdim etildi. Paxta tolasi namunalari sifat ko‘rsatkichlari laboratoriyada sinovdan o‘tkazildi. Tahlil natijasiga ko‘ra, ushbu yaratilgan yangi nav tolasining sifati ishlab chiqarish sanoati talabiga to‘liq javob berdi. “Niyat” g‘o‘za navini 2019 yilda Xorazm viloyatining ayrim tumanlarida sinov sharti bilan ekishga ruxsat berildi.

Toshkent kimyo-texnologiya institutining bir qator professor-olimlari tomonidan sho‘rlangan tuproqlarni mustahkamlash uchun tapkib ishlab chiqildi.

Ushbu tarkib Orol dengizi sathidagi tuproqlardagi tuzlarning havo massasi bilan chiqib ketishini oldini olish uchun amaliyotga tatbiq etildi.

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti mutaxassislari tomonidan nutqida nuqsoni bo‘lgan yoki nutq funksiyalarini rivojlantirish va qayta tiklash zarur bo‘lgan maktabgacha va maktab yoshidagi bolalarni o‘qitish uchun mo‘ljallangan EHM dasturi yaratildi. Dastur harflar va predmetlar tasvirlari, rangli suratlar, shuningdek so‘zlarning audio yozuvlari mavjud bo‘lgan ma’lumotlar bazasini o‘z ichiga oladi. Logopedning vazifasi – kompyuter ekraniga ma’lumotlar bazasidan elementlarni matn, tasvir shaklida chiqarish va tasvirlash, shuningdek tovush kolonkalari orqali tasvirlangan narsalarni ovozli eshittirishni nazoratga olishni o‘z ichiga oladi.

O‘rganuvchi ekrandagi predmetlarni, harflar va tovushlarni ifodalovchi so‘zlarni aytadi, logoped aytilgan so‘zlarni to‘g‘riligini baholaydi va o‘qish jarayonida tegishli tuzatishlar kiritadi.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining akademik Obid Sodiqov nomidagi Bioorganik kimyo instituti mutaxassislari tomonidan tibbiy amaliyotida operatsiyadan keyingi chandiqlanish jarayonining oldini oluvchi vosita ishlab chiqildi.

Mutaxassislar tomonidan kollagen va karboksimetilsellyuloza asosida yara bitiradigan chandiq hosil qilmaydigan materialni olish usuli taklif qilingan bo‘lib, bu usul yirik qora mol terilaridan suvli suspenziya ko‘rinishidagi kollagen massani ajratib olish, uni karboksimetilsellyuloza va yordamchi modda bilan aralashtirish, qoliplarga quyish va quritishdan iborat.

“Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazi“ aksiyadorlik jamiyati mutaxassislari tomonidan yurak remodelingi rivojlanishi xavfini aniqlash usuli yaratildi.Ushbu usulning vazifasi arterial gipertenziyali bemorlarda profilaktika chora-tadbirlarini olib borish va kelgusida asoratlardan xalos bo‘lish imkonini beradigan tegishli terapevtik davoni belgilash, shuningdek bemorga terapiya muddatini qisqartirish va davolash samarasi bo‘yicha ancha yuqori bo‘lgan qo‘shimcha dori effektini pasaytirish uchun xizmat qiladigan usulni ishlab chiqishdan iborat.

Usul orqali bemorda sistolik arterial bosim, tuzga ta’m sezuvchanlikning yuqori pog‘onalari o‘lchanadi, hamda osh tuzini iste’mol qilish koyeffitsiyenti va tana massasi indeksi hisoblanadi.

 

Toshkentda ob-havo

Harorat: 9°

Namlik 89% Shamol 4.35 м/c
O'zbekistonda eng ko'p ekiladigan daraxt turi: (180)