Qishloq xo‘jaligi texnikalari bo‘yicha prezident qarori qabul qilinadi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligi texnikasi va texnologiyalarini sertifikatlash va sinash davlat markazini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi joylashtirildi.

Quyidagilar qishloq xo‘jaligi va meliorativ texnikalarni sinash tizimini isloh qilishning eng muhim yo‘nalishlari etib belgilanadi:

qishloq xo‘jaligi va meliorativ texnikalar, qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishning resurstejamkor zamonaviy texnologiyalari sinovlarini texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi amaldagi hujjatlarni xalqaro standartlar talablari asosida takomillashtirish;

qishloq xo‘jaligi va meliorativ texnikalar, ularning agregatlari va qismlari O‘zbekiston Respublikasi tuproq-iqlim sharoitlarida samarali qo‘llanilishi va ularning ishonchliligini tekshirish maqsadida barcha turdagi (davlat, dastlabki, qabul, davriy, malaka, tur, sertifikatsiya va takroriy) sinovlarni o‘tkazish;

ularning texnik tavsiflarini texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiqligini aniqlash maqsadida sertifikatlash ishlarini rivojlantirish;

zamonaviy qishloq xo‘jaligi va meliorativ texnikalarni qo‘llagan holda qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda resurstejamkor zamonaviy va ilg‘or texnologiyalar sinovlarini o‘tkazilishini bosqichma-bosqich joriy etish;

qishloq xo‘jaligi va meliorativ texnikalarni sinash uchun ajratilgan sinov poligoni yer resurslaridan samarali foydalanish;

moddiy texnika bazani mustahkamlash va sinov laboratoriyalarini zamonaviy asbob-uskuna va jihozlar bilan ta’minlash;

sohani malakali kadrlar bilan ta’minlash hamda xodimlarni moddiy rag‘batlantirishni yaxshilash uchun zarur shart-sharoitlar yaratish.

 

Markaz direktori:

a) O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;

b) Markaz direktorining o‘rinbosarlari Markaz direktorining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.

Markazning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanadi:

qishloq xo‘jaligi va meliorativ texnikalar, qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishning resurstejamkor zamonaviy texnologiyalarini sinovlardan o‘tkazish bo‘yicha texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi standartlar, uslubiy hujjatlar va normativlarni takomillashtirish;

qishloq xo‘jaligi va meliorativ texnikalar, ularning agregatlari va qismlarini sertifikatlash, barcha turdagi (davlat, dastlabki, qabul, davriy, malaka, tur, sertifikatsiya va takroriy) sinovlarni o‘tkazish;

zamonaviy qishloq xo‘jaligi va meliorativ texnikalarini qo‘llagan holda qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda resurstejamkor zamonaviy va ilg‘or texnologiyalar sinovlarini o‘tkazish;

davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida ilmiy-tadqiqot va tajriba-sinov ishlarini amalga oshirish;

qishloq xo‘jaligi va meliorativ texnikalarni sinash sohasida rivojlangan davlatlarning sinov markazlari bilan hamkorlik qilish, sohaga innovatsion loyihalar va investitsiyalarni jalb qilish, malakali mutaxassis va kadrlar tayyorlash.

Belgilab qo‘yilishicha, Markaz:

qishloq xo‘jaligi va meliorativ texnikalar, ularning agregatlari va qismlari, qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda resurstejamkor zamonaviy texnologiyalarni sinovlarini va sertifikatlashtirish ishlarini o‘tkazish sohasida Respublikada yagona davlat tashkiloti hisoblanadi;

ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshirish xuquqiga ega bo‘lgan davlat ilmiy muassasasi shaklidagi yuridik shaxs bo‘lib, u O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi texnikasi va texnologiyalarini sertifikatsiyalash va sinash davlat markazining huquq va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari, xalqaro moliya institutlari, xorijiy va donor tashkilotlarning grantlari, shartnomalar bo‘yicha bajariladigan ishlardan olinadigan daromadlar, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;

xodimlariga O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi markaziy apparati xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash, moddiy rag‘batlantirish va ijtimoiy himoya shartlari tatbiq etiladi.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:

a) Respublikada ishlab chiqarilayotgan va import qilinayotgan barcha turdagi qishloq xo‘jaligi va meliorativ texnikalari mulkchilik shaklidan qat’iy nazar O‘zbekiston Respublikasi tuproq-iqlim sharoitlarida texnikalarni samarali qo‘llanilishi va ularning puxtalik ko‘rsatkichlarini tekshirish maqsadida Markazda majburiy tartibda sinovdan o‘tkaziladi;

b) Markazning qishloq xo‘jaligi va meliorativ texnikalarni sinovdan o‘tkazish ishlarini bajarish bo‘yicha kelgusi yil uchun sinovlarni amalga oshirish rejasi sohaga taalluqli tashkilotlar hamda xususiy ta’minot korxonalari tomonidan keyingi yil uchun rejalashtirilgan qishloq xo‘jaligi va meliorativ texnikalarini ishlab chiqarish va import qilish hajmi bo‘yicha taqdim etilgan ma’lumotlari asosida ishlab chiqiladi va O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

v) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining respublikada foydalanilayotgan qishloq xo‘jaligi va meliorativ texnikalarda tez-tez takrorlanadigan nosozliklar to‘g‘risidagi ma’lumotlari asosida Markaz tomonidan takroriy sinovlar o‘tkaziladi;

g) Respublikada ishlab chiqarilgan qishloq xo‘jaligi va meliorativ texnikalar quyidagi muddatlarga qat’iy rioya etgan holda davriy sinovlarga taqdim qilinadi:

traktorlar va o‘ziyurar mashinalar - har ikki yilda bir marta;

qishloq xo‘jaligi va meliorativ mashinalari - har uch yilda bir marta;

muntazam ravishda turkumlab import qilinadigan (bir yilda 5 ta va undan ortiq) qishloq xo‘jaligi va meliorativ texnikalari - har ikki yilda bir marta;

d) Markaz Respublika mashinasozlik korxonalari tomonidan ishlab chiqariladigan va import qilinadigan qishloq xo‘jaligi va meliorativ texnikalari hamda zamonaviy va ilg‘or texnologiyalarining yagona davlat reyestrini yuritadi. Bunda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishida qo‘llash uchun qishloq xo‘jaligi va meliorativ texnikalar yagona davlat reyestriga kiritilgan texnikalargina respublikada foydalanishga ruxsat etiladi;

e) birinchi bor sinovga taqdim qilinayotgan qishloq xo‘jaligi texnikalarini avvalgi sinovlardan ijobiy o‘tgan texnikalarga solishtirish maqsadida “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ tarkibiga kiruvchi hamda respublikaning mulkchilik shaklidan qat’iy nazar qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqaruvchi barcha mahalliy korxonalarning ijobiy sinovdan o‘tgan qishloq xo‘jaligi va meliorativ texnikasining namunasi 3 yil muddatdan keyin tegishli oliy o‘quv yurtlariga amaliy mashg‘ulotlarni tashkil etish uchun beg‘araz o‘tkazib berish sharti bilan Markazga rasmiylashtirib beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi bir oy muddatda qishloq xo‘jaligi va meliorativ texnikalarini yagona davlat reyestriga kiritilmagan, belgilangan tartibda sinovdan o‘tmagan texnikalarni yetkazib berganlik va foydalanganlik uchun javobgarlikni belgilash yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.

Markaz Toshkent viloyati, Yangiyo‘l tumani, Gulbahor shaharcha, Yoshlik ko‘chasi, 5-uyda joylashtiriladi.

Toshkentda ob-havo

Harorat: 9°

Namlik 89% Shamol 4.35 м/c
Saytimizning yangi ko'rinishi yoqdimi? (183)