O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasiga yangi huquqlar beriladi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Respublikada o‘rmonlardan foydalanish samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi joylashtirildi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2019 yil 17 iyundagi “Qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan o‘rmon fondi yerlarini O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va qishloq xo‘jaligi korxonalariga investitsiyaviy shartnoma yoki davlat-xususiy sheriklik asosida 50 yilgacha bo‘lgan muddatga berishga ruxsat berilgan.

O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasiga 2019 yil 1 sentyabrdan boshlab quyidagi huquqlar beriladi:

a) O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining O‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan loyiha asosida:

o‘rmon fondining o‘zlashtirilmagan yerlarida yangidan himoya o‘rmonlari barpo etish, bir yilgacha bo‘lgan muddatda parvarishlash va infrastruktura ob’ektlarini qurish;

barpo etilgan o‘rmonlar ostidagi o‘rmon fondi yerlarini ijaraga olish huquqini narxni oshirib borish shaklida o‘tkaziladigan kim oshdi savdolari asosida sotish, bunda boshlang‘ich to‘lov miqdorini Jamg‘armadan qilingan xarajatlar summasidan kam bo‘lmagan miqdorda belgilash;

o‘rmonzorlarni ijaraga olish huquqini sotish bilan bog‘liq boshqa xarajatlarni qoplash;

b) o‘rmon fondi yerlarini investitsiyaviy shartnoma yoki davlat-xususiy sheriklik asosida ijaraga berish;

v) o‘rmon fondi yerlarni ijaraga berishdan kelib tushadigan mablag‘larni to‘liqligicha Jamg‘arma daromadiga o‘tkazish.

O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

O‘rmon fondi yerlarini ijaraga berish tartibi to‘g‘risidagi nizom;

O‘zbekiston Respublikasida 2030 yilgacha bo‘lgan muddatda o‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish konsepsiyasi loyihalarini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Yuridik va jismoniy shaxslarga qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishga va rekonstruksiya qilishga (o‘rmondan o‘rmon-ovchilik, ovchilik va (yoki) baliqchilik xo‘jaliklari ehtiyojlari uchun, limonariy va issiqxonalar ilmiy-tadqiqot, madaniy-ma’rifiy, tarbiyaviy, sog‘lomlashtirish, rekreatsiya hamda estetik maqsadlarda, shuningdek ekologik turizmni rivojlantirish maqsadida foydalanish bilan bog‘liq) ruxsat berishda davlat o‘rmon xo‘jaligi bilan tuzilgan shartnomalar o‘rmondan foydalanuvchi yoki ijaraga oluvchining yer uchastkasiga bo‘lgan huquqini tasdiqlovchi hujjatga tenglashtiriladi.

O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi hamda Moliya vazirligining 2020 yil 1 yanvardan boshlab:

o‘rmon fondi hududlarida sodir etilgan, o‘rmonlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish talablarini buzishga doir ma’muriy huquqbuzarliklar yuzasidan bayonnomalar rasmiylashtirish va ular bo‘yicha jarimalar qo‘llash vakolatini o‘rmon xo‘jaligi organlari mansabdor shaxslariga berish;

ushbu bandda nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklarda aybdor bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslardan undiriladigan jarimalar va pul mablag‘lari summasini to‘liq Jamg‘arma daromadiga o‘tkazish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksining 88-moddasiga muvofiq, o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarining o‘rnini qoplash tartibida tushadigan mablag‘lar alohida hisobga olib borilishi hamda ulardan o‘rmonlar va o‘rmon mevali daraxtzorlarni barpo etish va tiklash, qumli yerlar, suv havzalari hamda daryolarning qirg‘oq bo‘yi mintaqalarida daraxtzorlar barpo etish, shuningdek o‘rmon yerlari holatini yaxshilashga qaratilgan boshqa tadbirlarni amalga oshirish uchun foydalaniladi.

Belgilanishicha, 2020 yil 1 yanvardan boshlab o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarining o‘rnini qoplash tartibida tushadigan mablag‘lar hamda o‘rmon fondi yerlarida o‘simlik va xayvonot dunyosidan foydalanish uchun beriladigan kvotalardan tushadigan tushumlar Jamg‘arma daromadiga o‘tkaziladi.

O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot

va sanoat vazirligining:

a) O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi markaziy apparati tuzilmasida:

Raisning investitsiyalar va davlat-xususiy sheriklik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimini kiritish;

Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bog‘i inspektorlari sonini 30 taga qisqartirish hisobiga Investitsiyalarni jalb qilish va davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish boshqarmasi hamda O‘rmon mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksportni tashkil etish boshqarmasini tashkil etish, shuningdek mavjud tarkibiy bo‘linmalarni yanada takomillashtirish;

b) tegishli hududda joylashgan davlat o‘rmon xo‘jaliklari tuzilmasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan moliyalashtirilishi ko‘zda tutilgan shtat birliklarini optimallashtirish hisobiga hududiy o‘rmon xo‘jaligi boshqarmalarini O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetidan moliyalashtirishga o‘tkazish;

v) Qoraqalpog‘iston Respublikasida Orolbo‘yi milliy tabiat bog‘ini, Qashqadaryo, Xorazm, Buxoro, Navoiy va Jizzax viloyatlarida tegishlicha Muborak, Xorazm, Qorovulbozor, Nurota va Forish davlat ov xo‘jaliklarini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik beriladi.

O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Moliya vazirligining 2020 yil 1 yanvardan boshlab O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi hamda uning tizimiga kiruvchi budjet tashkilotlari xodimlariga O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan alohida mehnat sharoitlari uchun lavozim maoshining 200 foizi miqdorida ustama belgilash to‘g‘risidagi taklifiga rozilik beriladi.

Toshkentda ob-havo

Harorat: 5°

Namlik 83% Shamol 3.09 м/c
Saytimizning yangi ko'rinishi yoqdimi? (180)