O‘rmon fondi yerlarini 50 yilgacha ijaraga berish boshlanadi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e’lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasining 1999 yil 15 aprelda qabul qilingan “O‘rmon to‘g‘risida”gi 770-I-sonli qonuniga quyidagi o‘zgartishlar kiritilishi mumkin:

8-moddaning (O‘rmon fondi yerlari) ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon qilinadi:

“O‘rmon fondi yerlari O‘zbekiston Respublikasining fuqarolariga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda egalik qilish, foydalanish uchun, shu jumladan ijaraga davlat-xususiy sheriklik asosida o‘rmon xo‘jaligi organlari tomonidan 50 yilgacha muddatga berilishi mumkin.”;

13-moddaning (O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining o‘rmonlarni muhofaza qilish, himoya qilish, ko‘paytirish, takroriy ko‘paytirish, qayta tiklash, ularning mahsuldorligini oshirish va ulardan foydalanish sohasidagi vakolatlari) birinchi qismi to‘qqizinchi xatboshisidagi “kesish, shuningdek asalari uyalari va qutilarini joylashtirish” degan so‘zlari “kesish” degan so‘zi bilan almashtiriladi;

31-moddaning (O‘rmondan foydalanish):

ettinchi qismi quyidagi tahrirda bayon qilinadi:

“O‘rmondan qisqa muddatli yoki uzoq muddatli foydalanish huquqini o‘rmondan doimiy foydalanuvchilar tomonidan beriladigan tegishli hujjatlar asosida davlat o‘rmon fondi uchastkalaridan foydalanishni amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslar o‘rmondan vaqtincha foydalanuvchilardir.”;

sakkizinchi qismidagi “o‘n yilgacha” degan so‘zlari “ellik yilgacha” degan so‘zlari bilan almashtiriladi;

33-moddaning (O‘rmondan doimiy foydalanuvchilarning huquq va majburiyatlari) ikkinchi qismi sakkizinchi xatboshisi chiqarib tashlanadi;

40-moddadagi (Asalari uyalari va qutilarini joylashtirish) “O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining ruxsatnomasi bo‘yicha” degan so‘zlari “davlat o‘rmon xo‘jaligi organlari tomonidan” degan so‘zlari bilan almashtiriladi;

45-moddaning (Ilmiy-tadqiqot, madaniy-ma’rifiy, tarbiyaviy, sog‘lomlashtirish, rekreatsiya va estetik maqsadlarda foydalanish) ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon qilinadi:

“Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan davlat o‘rmon fondi uchastkalaridan madaniy-ma’rifiy, tarbiyaviy, sog‘lomlashtirish, rekreatsiya va estetik maqsadlarda foydalanishga o‘rmondan doimiy foydalanuvchilar tomonidan yo‘l qo‘yiladi.”.

O‘zbekiston Respublikasining 1998 yil 30 aprelda qabul qilingan 598-I-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksiga quyidagi o‘zgartish va qo‘shimcha kiritiladi:

20-modda quyidagi tahrirdagi to‘qqizinchi qism bilan to‘ldiriladi:

“Foydalanilmayotgan o‘rmon fondi yerlarida yangi o‘rmonzorlar va dorivor o‘simliklar plantatsiyalarini barpo etish maqsadida foydalanish uchun O‘zbekiston Respublikasining fuqarolariga davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida o‘rmon xo‘jaligi organlari tomonidan 50 yilgacha muddatga ijaraga berilishi mumkin.”;

76-moddaning uchinchi qismi quyidagi tahrirda bayon qilinadi:

“Foydalanilmayotgan o‘rmon fondi yerlarida yangi o‘rmonzorlar va dorivor o‘simliklar plantatsiyalarini barpo etish maqsadida foydalanish uchun O‘zbekiston Respublikasining fuqarolariga davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida o‘rmon xo‘jaligi organlari tomonidan 50 yilgacha muddatga ijaraga berilishi mumkin.”.

O‘zbekiston Respublikasining 2008 yil 17 dekabrda qabul qilingan “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida”gi O‘RQ-191-sonli Qonuniga quyidagi qo‘shimchalar kiritiladi:

38-moddasi:

ikkinchi qismidagi “Rekreatsiya zonalari” degan so‘zlaridan keyin “Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi,” degan so‘zlari qo‘shiladi;

quyidagi tahrirdagi uchinchi qism bilan to‘ldiriladi:

“Davlat o‘rmon fondi yerlarida rekreatsiya zonalari Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi va O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan holda O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi qarori bilan tashkil etiladi.”.

 

Toshkentda ob-havo

Harorat: 32°

Namlik 32% Shamol 6.02 м/c
O'zbekistonda eng ko'p ekiladigan daraxt turi: (147)