Orolni obodonlashtirishda Arab Amirliklari tajribasidan foydalanilaniladi.

Birlashgan Arab Amirliklarining tajribasi asosida Orolbo‘yi hududlarini tiklash va obodonlashtirish ishlari olib boriladi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ma’lum qilindi.

Shu yilning 20 fevral kuni Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazining 6 nafar mutaxassisi Dubay shahrida joylashgan Sho‘rlanish sharoitidagi biodehqonchilik xalqaro markazi (ICBA)ning bosh ofisiga ilmiy amaliyot o‘tash uchun yuborilgan edi.

Mutaxassislar bir yarim oy davomida Abu-Dabi shahridagi Masdar Siti ekoshahri bilan tanishib, agrobiznes uchun muvaffaqiyatli inkubatorlarni tashkil qilish, suv va tuproq unumdorligini oshirish bo‘yicha innovatsion texnologiyalarni joriy etish va boshqa yo‘nalishlarda o‘quv-amaliyot kurslarini o‘tab qaytishdi.

Mutaxassislar Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Azimjon Nazarov bilan muloqot chog‘ida agrosohada arab tajribasining o‘zlashtirish mumkin bo‘lgan jihatlari haqida ma’lumot berishdi.

«O‘simliklarning genetik xususiyatlari tadqiq etiladigan laboratoriyada bo‘ldik. Unda suv kam muhitga o‘simliklarni moslashtirish, ip orqali sug‘orish, daraxtning o‘zida suv saqlanishi kabilarni o‘rgandik», — deydi Orolbo‘yi markazi O‘rmon xo‘jaligi va dala tadqiqotlari bo‘limi mutaxassisi Jolmыrza Jaksыmuratov.

Ekinlar diversifikatsiyasi laboratoriyasi laboranti Kamoliddin Idirisov Amirlikdagi tuproq muzeyi haqida ma’lumot berdi. «Ular o‘z hududlarida uchraydigan tuproqlardan namunalar olib, o‘ziga xos xususiyatlari haqidagi ma’lumotlarni ilova qilgan holda kichkina muzey tashkil qilishgan. Bu muzeydan daromad ham ko‘riladi, mablag‘ markaz faoliyati uchun sarflanadi. O‘zbekistonda ham 157 turdagi tuproq xillari uchraydi. Bizning markazda ham shunday muzey tashkil etilishi maqsadga muvofiq bo‘lar edi», — deydi u.

«Hozirda bizning mutaxassislarimiz xorij tajribasini o‘rganib kelishyapti. Lekin biz Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazida ishni shunday yo‘lga qo‘yishimiz kerakkki, bizning tajribamizdan andoza olish uchun boshqa mamlakatlardan kelishsin», — deydi Azimjon Nazarov.

Toshkentda ob-havo

Harorat: 28°

Namlik 27% Shamol 7.41 м/c
O'zbekistonda o'rmonni tashkil etuvchi necha xil daraxt va butalar mavjud? (92)