Cho‘l ekotizimlari barqarorligiga erishish yo‘lida amalga oshirilayotgan loyihalar

   Mamlakatimizda yer resurslaridan oqilona foydalanish, agrar tarmoqda ilg‘or texnologiyalarni qo‘llash, tuproq yemirilishi va cho‘llanishning oldini olishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 

   Yerning sho‘rlanishi, tuproq unumdorligining pasayishi dunyo miqyosidagi eng dolzarb muammolardan. Qum zarrachalarining ko‘chishi aholi turmush tarzi va salomatligi yomonlashuviga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishning pasayishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Yurtimizda cho‘l ekotizimlarining barqarorligiga erishish, biologik xilma-xillikni kengaytirish, yerdan samarali foydalanish yo‘lida amalga oshirilayotgan izchil ishlar bu kabi muammolarning oldini olishga xizmat qilmoqda.

   Mamlakatimizda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda cho‘lga aylanish xavfi mavjud hududlardagi ekologik vaziyatni barqarorlashtirish yo‘lida ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda. Birlashgan millatlar  tashkiloti, Global ekologik jamg‘arma va Yer resurlari, geodeziya, kartografiya, va davlat kadastri davlat qo‘mitasining hamkorlikda amalga oshirayotgan  “O‘zbekistonning tog‘li, yarim cho‘l  va cho‘l landshaftlarida  sug‘orilmaydigan qurg‘oqchil yerlarni raqobatli ekspluatatsiya qilinishi natijasida tabiiy resurslardan foydalanish bosimini kamaytirish” ga doir loyihasi, shular jumlasidandir.

   2014-2018 yillarga mo‘ljallangan ushbu loyiha Buxoro viloyatining Qorako‘l tumani va Jizzax viloyatining Zomin tumanida amalga oshirilmoqda. Bilamizki, Qorako‘l  tumanining ko‘p qismi  cho‘lda joylashgan  bo‘lib, iqlim sharoiti og‘ir, yozda  Qizilqum  cho‘llaridan  tez- tez issiq garmsel shamollari  esib, o‘simliklarni  o‘sib  rivojlanishiga salbiy  ta’sir  ko‘rsatadi.  Tuprog‘i ham  qumli, changib va  yuvilib  ketishga moyil bo‘lib, ozuqa elementlari  juda  kam. Bunday sharoitlarda qumlarni ko‘chishini to‘xtatish va yaylovlar mahsuldorligini oshirish maqsadida mutaxassislar saksovul, cherkez va qandim butalarini, sug‘oriladigan yerlarda qurg‘ochilikka va sho‘rlanishga  chidamli  bo‘lgan ko‘k terak, qayrag‘och, tut, aylant, sug‘diyona  yashil shumtoli, go‘zal katalьpa, oq akatsiya, yapon saforasi kabilarni ekishni tavsiya etadilar. 
Bizning maqsadimiz – cho‘l va yarim cho‘llarda iqtisodiy foyda keltiradigan o‘simlik turlarini aniqlash, yer resurslarini boshqarishning barqaror usullarini sinovdan o‘tkazish, aholining yaylovlardan oqilona foydalanishini yanada oshirish orqali ekotizim barqarorligini ta’minlashdir. Shu bois 2018 yilning bahorida loyiha doirasida Qorako‘l davlat o‘rmon xo‘jaligi,  Qorako‘lchilik MChJ hududida 300 gektar maydonda saksovul ko‘chatlari va urug‘lari hamda ko‘chma qumlarni mustaxkamlash maqsadida “Agraparvoz” ko‘p tarmoqli ishlab chiqarish korxonasi bilan hamkorlikda 400 gektar maydonda loyiha doirasida birinchi marotaba deltaplan yordamida granulalashtirilgan saksovul urug‘lari Qorako‘l davlat o‘rmon xo‘jaligining “Uchqir” massivida sinov tariqasida ekildi. Joriy yilning  kuzgi mavsumida Qorako‘l tumanida loyiha doirasida ko‘chat ekish tadbirlarini davom ettirish rejalashtirilgan. 
   Qorako‘l tumanidan farqli ravishda Zomin tumani Jizzax viloyatining tog‘ va tog‘ oldi xududida joylashgan bo‘lib, yer osti suvlari chuqur, tuprog‘i bo‘ztuproq va sho‘rlanmagandir. Bu erlarda loyiha doirasida 2018 yilning ko‘klamida Zomin o‘rmon  xo‘jaligi xududida namlik etarli bo‘lgan maydonlarda 10 ming tup yong‘oq, 60 ming tup na’matak va fermer xo‘jaliklari hududlaridagi yarim cho‘l va lalmi erlarda qurg‘ochilikka chidamli daraxtlardan 16 ming tup bodom, 1 ming tup chilon jiyda, 14 ming tup pista ko‘chatlari ekildi. Ushbu ko‘chatlarni o‘sib rivojlanishi hozirgi kunda yaxshi. Faqat asosiy e’tiborni ekilgan maydonlarni chorva mollari tomonidan payhon qilmaslikka qaratish lozim. Sug‘orish  imkoni mavjud erlarda 40 ming dona turk teragi qalamchalari ekildi va ularni to‘liq ko‘karishiga erishildi. Joriy yilning kuzgi mavsumida Zomin davlat o‘rmon xo‘jaligi, tumandagi fermer xo‘jaliklari hududlarida zamonaviy texnologiyalar asosida ko‘chat ekish tadbirlarini davom ettirish rejalashtirilgan. 
Loyiha doirasida amalga oshirilayotgan bunday yumushlar cho‘l ekotizimlari barqarorligiga erishish va aholi farovonligining yanada oshishiga xizmat qiladi. 

                                         

        O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining
   O‘rmon xo‘jalgini rivojlantiri, ko‘paytirish,
      qayta tiklash va melioratsiya boshqarmasi
 boshlig‘i o‘rinbosari, biologiya fanlari nomzodi

  X. Talipov
 

Toshkentda ob-havo

Harorat: 24°

Namlik 27% Shamol 1.49 м/c
O'zbekistonda o'rmonni tashkil etuvchi necha xil daraxt va butalar mavjud? (45)