Davlat xaridlari to`g`risida qonun

O’zbekiston Respublikasining Qonuni Davlat xaridlari to`g`risida

 

Qonunchilik palatasi tomonidan 2018 yil 25 yanvarda qabul qilingan

Senat tomonidan 2018 yil 29 martda ma’qullangan

 

1-bob. Umumiy qoidalar

 

1-modda.  Ushbu Qonunning maqsadi va qo’llanilish sohasi 

 

Ushbu Qonunning maqsadi davlat xaridlari sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Ushbu Qonunning amal qilishi:

rivojlantirish davlat dasturlarini, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, O’zbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarida nazarda tutilgan loyihalarni, shuningdek davlat buyurtmachilarining xo’jalik faoliyatini ro’yobga chiqarishda amalga oshiriladigan davlat xaridlariga;

O’zbekiston Respublikasining byudjet tizimi byudjetlari va boshqa davlat maqsadli jamg’armalari, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti va O’zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan donor mamlakatlar, xalqaro, hukumatga qarashli bo’lgan va hukumatga qarashli bo’lmagan chet el tashkilotlari bilan tuzilgan shartnomalar doirasida taqdim etiladigan chet el grantlari hamda O’zbekiston Respublikasining kafolati ostida jalb etiladigan chet el kreditlari hisobidan moliyalashtiriladigan davlat xaridlariga nisbatan tatbiq etiladi.

Ushbu Qonunning amal qilishi:

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadigan ro’yxatga muvofiq davlat xaridlari strategik sub’ektlari amalga oshiradigan davlat xaridlariga, rivojlantirish davlat dasturlarini, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, O’zbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarida nazarda tutilgan loyihalarni ro’yobga chiqarishda amalga oshiriladigan davlat xaridlari bundan mustasno;

davlat tomonidan himoya qilinishi lozim bo’lgan shaxslarning xavfsizligini ta’minlash, O’zbekiston Respublikasida mudofaa qobiliyatini, xavfsizlikni ta’minlash va ichki tartibni saqlash uchun amalga oshiriladigan davlat xaridlariga, shuningdek davlat sirlari bilan bog’liq bo’lgan davlat xaridlariga;

favqulodda vaziyatlar yuz bergan hollarda O’zbekiston Respublikasining ehtiyojlarini ta’minlash uchun zarur bo’lgan tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridlariga;

agar donor mamlakatlarning, tegishli xalqaro, hukumatga qarashli bo’lgan va hukumatga qarashli bo’lmagan chet el tashkilotlarining tartib-taomillarida yoki O’zbekiston Respublikasining kafolati ostida chet el kreditlarini va chet el grantlarini taqdim etish shartlarida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) xarid qilishning boshqacha tartibi belgilangan bo’lsa;

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari sayloviga, shuningdek O’zbekiston Respublikasining referendumlariga tayyorgarlik ko’rish hamda ularni o’tkazish uchun amalga oshiriladigan davlat xaridlariga;

sud muhokamalarida ishtirok etish uchun advokat (vakil) tayinlanishi bilan bog’liq davlat xaridlariga;

narxlari qonun hujjatlariga muvofiq qat’iy belgilangan tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

 

2-modda.  Davlat xaridlari to’g’risidagi qonun hujjatlari

 

Davlat xaridlari to’g’risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.

Agar O’zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O’zbekiston Respublikasining davlat xaridlari to’g’risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo’lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo’llaniladi.

 

3-modda.  Asosiy tushunchalar

 

Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo’llaniladi:

davlat buyurtmachisi  — davlat xaridlarini amalga oshiruvchi yuridik shaxs;

davlat xaridi  — tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) davlat buyurtmachilari tomonidan pulli asosda olish;

davlat xaridlarining sub’ektlari — davlat buyurtmachisi, xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchisi, davlat xaridlarining ijrochisi, xarid komissiyasi, maxsus axborot portali operatori va ekspert;

davlat xaridlari to’g’risidagi shartnoma — davlat xaridlari bo’yicha huquqlar va majburiyatlarni belgilash, o’zgartirish yoki bekor qilish to’g’risida davlat buyurtmachisi va davlat xaridlarining ijrochisi o’rtasida tuziladigan bitim;

maxsus axborot portali — operatorning davlat xaridlari o’tkazilishini, davlat xaridlari to’g’risidagi e’lonlar, davlat xaridlari yakunlari, xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilarining takliflari haqidagi axborotning va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa axborotning elektron shaklda joylashtirilishini
va ko’rilishini, shuningdek elektron davlat xaridlari o’tkazilishini ta’minlovchi veb-sayti va maxsus elektron platformasi;

maxsus axborot portali operatori  — davlat xaridlarining sub’ektlariga xarid qilish tartib-taomillarini tashkil etish va o’tkazish, maxsus axborot portaliga e’lonlarni, buyurtmanomalarni hamda davlat xaridlari va ularning yakunlari to’g’risidagi boshqa axborotni joylashtirish bilan bog’liq xizmatlar ko’rsatuvchi maxsus vakolatli yuridik shaxs;

xarid qilish tartib-taomili  — davlat xaridi bo’yicha xatti-harakatlar majmui;

ekspert — xulosa berish uchun maxsus bilimlarga ega bo’lgan jismoniy shaxs;

elektron davlat xaridlari — elektron do’kon va boshlang’ich narxni pasaytirish uchun o’tkaziladigan auktsion kabi maxsus axborot portalining dasturiy-texnik kompleksi orqali axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositasida davlat xaridlarini amalga oshirish usullari;

e’lon — davlat xaridlarini amalga oshirish usuli, ushbu xaridlarning talablari va shartlari, takliflarni taqdim etish muddatlari hamda tartibi ko’rsatilgan, davlat buyurtmachisi tomonidan maxsus axborot portaliga joylashtiriladigan bo’lajak davlat xaridlari to’g’risidagi axborot.

 

4-modda.  Davlat xaridlarining asosiy printsiplari

 

Davlat xaridlarining asosiy printsiplari quyidagilardan iborat:

davlat buyurtmachisining kasbiy mahorati;

asoslanganlik;

moliyaviy mablag’lardan foydalanishning oqilonaligi, tejamkorligi va samaradorligi;

ochiqlik va shaffoflik;

tortishuv va xolislik;

mutanosiblik;

davlat xaridlari tizimining yagonaligi va yaxlitligi;

korruptsiyaga yo’l qo’ymaslik.

Davlat xaridlarining asosiy printsiplari davlat xaridlari jarayonining barcha bosqichlarida qo’llanilishi kerak.

 

5-modda.  Davlat buyurtmachisining kasbiy mahorati printsipi

 

Davlat buyurtmachisining kasbiy mahorati tegishli bo’linmalar xodimlariga nisbatan soha bo’yicha ma’lumoti bo’lishi, malakasini muntazam ravishda oshirishi hamda bosqichma-bosqich amaliy tajribaga ega bo’lib borishi to’g’risida talablar belgilash yo’li bilan ta’minlanadi.

Davlat buyurtmachisi xarid qilish tartib-taomillarini tashkil etish va o’tkazish uchun javobgar bo’lgan shaxsni belgilashi shart.

Manfaatlar to’qnashuvi mavjud bo’lgan taqdirda, xarid qilish tartib-taomillarini tashkil etish va o’tkazish uchun javobgar bo’lgan shaxs bajariladigan vazifalardan chetlashtirilishi lozim.

 

6-modda.  Asoslanganlik printsipi

 

Davlat xaridlari davlat buyurtmachisining o’z oldida turgan vazifalarni hal etishni ta’minlaydigan haqiqiy talablari va ehtiyojlarini samarali qanoatlantirish uchun davlat xaridlarini o’tkazishning maqsadga muvofiqligi va zarurligi, tovarni (ishni, xizmatni) tanlashning, uning iste’mol xususiyatlarining (tavsifining), sifat ko’rsatkichlari va qiymatining asoslanganligi hisobga olingan holda amalga oshirilishi kerak.

 

7-modda.  Moliyaviy mablag’lardan foydalanishning oqilonaligi, tejamkorligi va samaradorligi printsipi

 

Davlat xaridlari:

davlat buyurtmachisining davlat xaridlarini o’tkazish xarajatlarini va tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) qiymatini hisobga olish;

davlat xaridlari uchun ajratilgan mablag’lardan samarali foydalanish, shu jumladan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) olishdan ko’rilgan naf, ularning sifati va qiymati o’rtasidagi maqbul nisbatni (foydalanish davri xarajatlarini hisobga olgan holda) ta’minlash;

davlat xaridlarini maqbul muddatlarda o’tkazish imkonini beradigan oqilona va tejamkor usulda amalga oshirilishi kerak.

 

8-modda.  Ochiqlik va shaffoflik printsipi

 

Davlat xaridlarining ochiqligi va shaffofligi:

tegishli davlat organlariga, davlat xaridlari sub’ektlariga va jamoatchilikka davlat xaridlari to’g’risidagi axborotdan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda to’liq, o’z vaqtida, erkin va bepul foydalanish imkoniyatini ta’minlagan holda uni maxsus axborot portaliga joylashtirish, bundan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar mustasno;

xarid qilish tartib-taomillariga doir hujjatlarni
va hisobotlarni tuzish hamda but saqlashni ta’minlash orqali amalga oshiriladi.

 

9-modda.  Tortishuv va xolislik printsipi

 

Davlat xaridlaridagi tortishuv xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilari o’rtasida tortishuv, xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilarining takliflarini ko’rib chiqishda hamda xolis va asosli mezonlar asosida eng maqbul variant foydasiga yakuniy qaror qabul qilishda beg’arazlik va shaffoflik mexanizmlaridan foydalanish hisobidan qo’llab-quvvatlanadi.

Davlat xaridlarining xolisligi xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilarining takliflarini ko’rib chiqishdagi va eng maqbul variant foydasiga yakuniy qaror qabul qilishdagi beg’arazlikni nazarda tutadi.

Davlat xaridlarining xolisligi:

xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilariga teng imkoniyatlarni ta’minlashga;

davlat xaridlari sub’ektlari o’rtasida raqobatni va ularga nisbatan beg’arazlikni ta’minlaydigan shart-sharoitlarni yaratishga;

davlat xaridlari jarayonida shikoyatlar, nizolar va kelishmovchiliklarni ko’rib chiqishning hamda tegishli chora-tadbirlar ko’rishning ochiq, oshkora va tortishuv mexanizmlariga asoslanadi.

 

10-modda. Mutanosiblik printsipi

 

Davlat xaridlarida mutanosiblik:

davlat xaridlarini amalga oshirish usulining tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) xavf-xatariga, qiymatiga, xususiyatiga va murakkabligiga;

talablarning xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilari  malakasiga oid ma’lumotlarga, takliflarni baholash mezonlari va usullarining tovarlarga (ishlarga, xizmatlarga);

davlat xaridlari sub’ektlarining huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi ularning o’z vazifalariga mosligi bilan ta’minlanadi.

 

11-modda. Davlat xaridlari tizimining yagonaligi va yaxlitligi printsipi

 

Davlat xaridlari maqsadlar, printsiplar va yondashuvlarning yagonaligiga, davlat xaridlari jarayoni barcha bosqichlarining yaxlitligi va o’zaro aloqadorligiga hamda davlat xaridlari barcha sub’ektlarining hamkorligiga asoslanadi.

Davlat xaridlarining yagonaligi va yaxlitligi:

davlat xaridlarini tartibga soluvchi yagona va yaxlit normativ-huquqiy baza hamda uni bir xilda qo’llash;

davlat xaridlarining davlat xaridlari to’g’risidagi barcha axborotni to’plash, unga ishlov berish va uni tahlil qilishni hamda barcha manfaatdor shaxslarga undan foydalanishni ta’minlaydigan yagona, yaxlit va kompleks axborot tizimi mavjudligi;

davlat xaridlarini amalga oshirish mexanizmlari, tartib-taomillari va usullarini birxillashtirish;

davlat xaridlariga oid hujjatlarni birxillashtirish;

tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) yagona milliy klassifikatorini joriy etish;

davlat xaridlarini rejalashtirish va amalga oshirishni, davlat xaridlari to’g’risidagi shartnomalarni (bundan buyon matnda shartnoma deb yuritiladi) tuzish va ijro etishni, monitoringni va nazoratni amalga oshirishni, nizolar hamda kelishmovchiliklar ustidan shikoyat qilish va ularni ko’rib chiqishni, davlat xaridlari sub’ektlarining kasbiy mahorati darajasini va mas’uliyatini oshirishni tashkil etish imkonini beradigan yagona infratuzilmaning mavjudligi bilan ta’minlanadi.

 

12-modda. Korruptsiyaga yo’l qo’ymaslik printsipi

 

Xarid qilish tartib-taomillarini tashkil etish va o’tkazishga doir talablar davlat xaridlari sohasida korruptsiyaga oid huquqbuzarliklarga yo’l qo’ymasligi kerak. Bunda korruptsiyaning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar ustuvor bo’ladi.

 

2-bob. Davlat xaridlari sohasini davlat tomonidan tartibga solish

 

13-modda. Davlat xaridlari sohasini davlat tomonidan tartibga solishning asosiy maqsadlari

 

Davlat xaridlari sohasini davlat tomonidan tartibga solishning asosiy maqsadlari:

davlatning strategik maqsadlari va vazifalariga erishish;

rivojlantirish davlat dasturlarini ijro etish;

davlatning ijtimoiy vazifalarini bajarish;

davlat xizmatlari ko’rsatish;

byudjet tashkilotlarining, byudjet mablag’lari oluvchilarning tovarlarga (ishlarga, xizmatlarga) bo’lgan ehtiyojlarini ta’minlash uchun davlat xaridlari sub’ektlariga qulay muhitni shakllantirishdan, shuningdek davlat xaridlarini amalga oshirishda korruptsiyaga va qonun hujjatlarining boshqacha buzilishlariga qarshi kurashishdan iborat.

Davlat xaridlarini amalga oshirishda ijtimoiy-iqtisodiy siyosat ustuvorliklari, shu jumladan yuqori texnologik va innovatsion ishlab chiqarishlarning yaratilishi, qulay ekologik vaziyatning saqlanishi hisobga olinadi.

 

14-modda. Davlat xaridlari sohasidagi vakolatli organ

 

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi (bundan buyon matnda vakolatli organ deb yuritiladi) davlat xaridlari sohasidagi vakolatli organdir.

Vakolatli organ davlat xaridlari sohasini davlat tomonidan tartibga solishni amalga oshiradi.

Vakolatli organ:

davlat xaridlari sohasida davlat siyosatini amalga oshiradi;

davlat xaridlarini tashkil etish va o’tkazish tizimini rivojlantirish bo’yicha davlat dasturlarini ishlab chiqish hamda ro’yobga chiqarishning samaradorligi va shaffofligini oshirish bo’yicha choralar ko’radi;

maxsus axborot portalining operatorini va uning davlat xaridlarini tashkil etish hamda o’tkazish borasidagi faoliyati qoidalarini belgilaydi;

taklifni baholash va taqqoslash usullarini hamda mezonlarini, shuningdek davlat xaridlarini amalga oshirish usulini tanlash tartibini va ularning tartib-taomilini belgilaydi;

iqtisodiy jihatdan eng foydali taklifni baholash usulini qo’llash tartibini (baholashning narxga asoslanmagan mezonlarini) belgilaydi;

davlat xaridlari bo’yicha axborotni joylashtirish, oshkor qilish va undan foydalanish tartibini hamda hajmlarini, shuningdek tovarga (ishga, xizmatga) hamda davlat xaridlarini amalga oshirish usuliga qarab e’lon qilishga doir qo’shimcha talablarni belgilaydi;

xarid qilish tartib-taomillarini o’tkazish to’g’risidagi e’lonlarning, xabarning, xarid qilish hujjatlarining, xarid qilish tartib-taomili ishtirokchisi taklifining, xarid qilish tartib-taomilida ishtirok etish uchun buyurtmanomalarni ko’rib chiqish va baholash bayonnomasining namunaviy nusxalarini tasdiqlaydi;

Insofsiz ijrochilarning yagona reestrini shakllantirish tartibini belgilaydi;

davlat xaridlaridagi shartnoma majburiyatlarini bajarish masalalariga doir nizolar va kelishmovchiliklarni, Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni ko’rib chiqish bo’yicha komissiyaga kelib tushgan shikoyatlarni ko’rib chiqish tartibini belgilaydi.

Vakolatli organ qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

 

15-modda. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining vakolatlari

 

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

davlat xaridlari sohasida byudjet tizimi byudjetlari mablag’laridan oqilona foydalanishni ta’minlash bo’yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;

xarid qilish tartib-taomillari turlarini takomillashtirish va ularning qo’llanilishini kengaytirish bo’yicha kichik tadbirkorlik sub’ektlarining keng ishtirokini nazarda tutuvchi takliflar tayyorlanishini muvofiqlashtiradi;

vakolatli organ bilan birgalikda davlat va xo’jalik boshqaruvi organlarining davlat xaridlari sohasidagi ishlarini muvofiqlashtiradi hamda ularga yo’nalish beradi, ularning faoliyati ustidan nazoratni ta’minlaydi.

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

 

3-bob. Davlat xaridlarining sub’ektlari

 

16-modda. Davlat buyurtmachilari

 

Ushbu Qonun maqsadlari uchun davlat buyurtmachilari deganda quyidagilar tushuniladi:

1) byudjet buyurtmachilari:

davlat organlari;

byudjet tashkilotlari;

xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshirish uchun yo’naltiriladigan byudjet mablag’larini oluvchilar;

davlat maqsadli jamg’armalari;

2) korporativ buyurtmachilar:

davlat korxonalari;

ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo’lgan yuridik shaxslar;

ustav fondining (ustav kapitalining) 50 foizi va undan ortig’i 50 foiz va undan ortiq miqdorda davlat ulushiga ega yuridik shaxsga tegishli bo’lgan yuridik shaxslar.

Davlat buyurtmachisi:

mustaqil ravishda yoki ixtisoslashgan tashkilotni jalb etgan holda tovarning (ishning, xizmatning) boshlang’ich narxini belgilash, bundan qonun hujjatlarida belgilangan hollar mustasno;

davlat xaridlarini amalga oshirishda o’z rasmiy veb-saytiga yoki o’zining yuqori turuvchi organi rasmiy veb-saytiga, shuningdek ommaviy axborot vositalariga e’lon joylashtirish;

xarid qilish tartib-taomillarining barcha ishtirokchilariga tatbiq etiladigan takliflarni taqdim etish muddatlarini uzaytirish;

qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilari takliflarining amal qilish muddatini muayyan davrga uzaytirish to’g’risidagi taklif bilan ularga murojaat qilish;

ikkinchi bosqich yakunlari bo’yicha tender tarzida xarid qilish tartib-taomilini o’tkazishda g’olib bilan narxni pasaytirish to’g’risida muzokaralarga kirishish huquqiga ega.

Davlat buyurtmachisi qonun hujjatlariga va o’zi tuzgan shartnomalarga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo’lishi mumkin.

Davlat buyurtmachisi:

ushbu Qonunga muvofiq xarid qilish tartib-taomili turini tanlash to’g’risida qaror qabul qilishi;

qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat xaridlarini amalga oshirishi;

davlat xaridlari to’g’risidagi axborotni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va muddatlarda maxsus axborot portaliga joylashtirishi;

xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilarining tovarlar (ishlar, xizmatlar) va davlat xaridlarining tartib-taomillari bilan bog’liq so’rovlari bo’yicha ularga qonun hujjatlariga muvofiq tushuntirishlar berishi;

xarid qilish tartib-taomillarining g’olib deb topilgan ishtirokchilari bilan shartnomalar tuzishi, shuningdek ularning ijro etilishini ta’minlashi;

bo’lajak davlat xaridlari to’g’risidagi e’lonlarni faqat moliyalashtirish manbalari va miqdorlari mavjudligi tasdiqlangan taqdirdagina maxsus axborot portaliga va boshqa ommaviy axborot vositalariga joylashtirishi shart.

Davlat buyurtmachisining zimmasida qonun hujjatlariga va o’zi tuzgan shartnomalarga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo’lishi mumkin.

 

17-modda. Xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchisi

 

Qonun hujjatlarida belgilangan tartibda xarid qilish tartib-taomilida davlat xaridlarini ijro etish uchun talabgorlar sifatida ishtirok etayotgan O’zbekiston Respublikasi rezidentlari va norezidentlari xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchisi (bundan buyon matnda ishtirokchi deb yuritiladi) bo’lishi mumkin.

Ishtirokchi:

davlat xaridlari to’g’risidagi axborotdan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hajmda foydalanish;

muayyan davlat xaridlari tartib-taomillari, ularni o’tkazish talablari va shartlari bo’yicha so’rovlar berish va tushuntirishlar olish;

xarid komissiyasi tomonidan takliflar ochilayotganda belgilangan tartibda ishtirok etish;

xarid qilish tartib-taomillari buzilgan taqdirda davlat xaridlari natijalari ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilish;

davlat xaridlari tartib-taomillarida ko’rsatilgan hollarda qonun hujjatlariga muvofiq takliflarga o’zgartishlar kiritish yoki ularni qaytarib olish huquqiga ega.

Ishtirokchi:

davlat xaridlari to’g’risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etishi;

davlat xaridlari to’g’risidagi hujjatlar talablariga muvofiq bo’lgan takliflar va hujjatlarni taqdim etishi hamda taqdim etilgan axborotning ishonchliligi uchun javobgar bo’lishi;

g’olib deb topilgan taqdirda davlat buyurtmachisi bilan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda va muddatlarda shartnoma tuzishi shart.

Ishtirokchi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo’lishi va uning zimmasida boshqa majburiyatlar ham bo’lishi mumkin.

 

18-modda. Davlat xaridlari ijrochisi

 

Xarid qilish tartib-taomillari yakunlari bo’yicha g’olib deb topilgan va u bilan shartnoma tuzilgan ishtirokchi davlat xaridlari ijrochisidir (bundan buyon matnda ijrochi deb yuritiladi).

Ijrochi:

davlat buyurtmachisi bilan tuzilgan shartnomani ijro etish jarayonida tushuntirishlar olish uchun unga murojaat qilish;

etkazib berilgan tovar (ish, xizmat) uchun haq olish;

shartnoma shartlariga muvofiq va (yoki) qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda shartnomani bekor qilish huquqiga ega.

Ijrochi:

davlat xaridlari to’g’risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etishi;

shartnomani uning shartlariga muvofiq ijro etishi;

shartnomani ijro etish jarayonida davlat buyurtmachisiga
yoki vakolatli davlat organiga uning so’rovi bo’yicha tushuntirishlar va axborot berishi shart.

Ijrochi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo’lishi va uning zimmasida boshqa majburiyatlar ham bo’lishi mumkin.

 

19-modda.  Xarid komissiyasi

 

Xarid komissiyasi xarid qilish tartib-taomillari g’olibini tanlash to’g’risida qarorlar qabul qilish vakolatiga ega bo’lgan kollegial organdir.

Xarid komissiyasi ishining asosiy maqsadi ishtirokchilarning takliflarini buyurtmaga muvofiqlik darajasi bo’yicha xolis baholashdan va tartibga solishdan hamda davlat xaridlari raqobatlashuv usullari orqali amalga oshirilganda g’olibni (g’oliblarni) tanlashdan iborat.

Xarid komissiyasi davlat buyurtmachisi huzurida doimiy faoliyat ko’rsatadigan, davlat buyurtmachisining tegishli qarorlari bilan shakllantiriladigan va tarqatib yuboriladigan organdir.

Xarid komissiyasi toq sonli a’zolardan iborat bo’ladi, uning a’zolari tarkibi va soni xarid qilish tartib-taomilining turiga bog’liq bo’ladi hamda olinayotgan tovarning (ishning, xizmatning) xususiyatlari inobatga olingan holda o’zgartirilishi mumkin.

Xarid komissiyasi a’zolari xolis bo’lishi va xarid qilish tartib-taomili g’olibini tanlashdan shaxsan manfaatdor bo’lmasligi kerak.

Xarid komissiyasining ishiga rais rahbarlik qiladi, u xarid komissiyasi majlislarini chaqiradi va olib boradi, ovozga qo’yishni va xarid komissiyasi tomonidan qabul qilingan qarorlarni e’lon qiladi, shuningdek xarid komissiyasi majlislarining bayonnomalarini imzolaydi. Xarid komissiyasi raisi yo’qligida uning vazifalarini o’rinbosari bajaradi.

Xarid komissiyasining tezkor faoliyatini uning mas’ul kotibi tashkil etadi.

Xarid komissiyasining har bir a’zosi ovoz berishda yoqlab ovoz berishi, qarshi ovoz berishi yoki unda ishtirok etishdan bosh tortishi mumkin. Xarid komissiyasining raisi ovoz berishda ishtirok etishdan bosh tortish huquqiga ega emas.

Xarid komissiyasining majlislari yuzma-yuz yoki sirtdan (so’rov orqali, barchaning ishtirokisiz) o’tkazilishi mumkin. Yuzma-yuz majlislar konferentsiyalar (videokonferentsiyalar va hokazo) shaklida o’tkazilishi mumkin.

Majlis o’tkazilgan sanada bir davlat xaridi bo’yicha qiymati eng kam ish haqining besh ming baravaridan kam miqdordagi tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridi bo’yicha xarid komissiyasining qarorlari xarid komissiyasining sirtdan o’tkaziladigan majlisida, qiymati eng kam ish haqining besh ming baravaridan ortiq miqdordagi davlat xaridi bo’yicha xarid komissiyasining qarorlari esa xarid komissiyasining faqat yuzma-yuz majlisida qabul qilinishi mumkin.

Qiymati eng kam ish haqining besh ming baravaridan ortiq miqdordagi davlat xaridlari o’tkazilganda xarid komissiyasi tarkibiga davlat buyurtmachisining vakillaridan tashqari O’zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo’yicha davlat qo’mitasining, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi «O’zinjiniring» respublika loyihalashtirish institutining vakillari kiritiladi.

Vakolatli organ xarid komissiyasining majlisiga o’z vakilini kuzatuvchi sifatida ishtirok etish uchun yuborishga haqlidir.

Xarid komissiyasining yuzma-yuz majlisi o’tkazilishi uchun xarid komissiyasi a’zolari umumiy sonining yarmidan ko’pi ishtirok etishi zarur.

Qaror xarid komissiyasi a’zolari umumiy sonining ko’pchilik ovozi bilan qabul qilinadi.

Xarid komissiyalari a’zolarida ishtirokchilar bilan affillanganlik xususiyatiga ega aloqalar mavjud bo’lgan taqdirda, xarid komissiyasining bunday a’zosi bu masala ko’tarilgan majlisda o’zini o’zi rad etishi va mazkur masala bo’yicha ovoz berishda ishtirok etmasligi kerak, bu haqda bayonnomada qayd etiladi.

Agar xarid komissiyasiga mazkur komissiya a’zosining affillanganligi mavjudligi tegishli masala yuzasidan qaror qabul qilinguniga qadar ma’lum bo’lib qolgan bo’lsa, uning o’zi esa o’zini o’zi rad etmagan bo’lsa, bunday a’zoning mazkur masala bo’yicha ovoz berishiga yo’l qo’yilmaydi.

Agar xarid komissiyasiga tegishli masala bo’yicha ovoz bergan mazkur komissiya a’zosining affillanganligi mavjudligi qaror qabul qilinganidan keyin ma’lum bo’lib qolgan bo’lsa, bunday a’zoning ovozi mazkur masala bo’yicha ovoz berish natijalaridan chiqarib tashlanadi.

Xarid komissiyasi quyidagi vazifalarni bajaradi:

tanlov (tender) hujjatlarini kelishadi;

takliflar qabul qilinadigan muddatlarni belgilaydi;

takliflarni ochish tartib-taomillarini belgilaydi;

takliflarni baholash mezonlarini belgilaydi;

taklif kiritish tartibini, hajmini va uni ta’minlash shaklini belgilaydi;

xarid qilish tartib-taomili ishtirokchilarining takliflarini ochishni amalga oshiradi;

malaka tanlovini o’tkazadi, agar tanlov (tender) hujjatlari shartlarida bu nazarda tutilgan bo’lsa;

xarid qilish tartib-taomillarini qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiradi;

xarid qilish tartib-taomillarining raqobatlashuv turlari ijrochisini va zaxira ijrochisini belgilaydi yoki savdoni amalga oshmagan deb topadi.

Xarid komissiyasi ijrochini aniqlash tartib-taomillari davlat xaridlari to’g’risidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiqligi, o’zi qabul qilayotgan qarorlarning asosliligi va beg’arazligi uchun javobgar bo’ladi.

Xarid komissiyasi davlat xaridlarining boshqa sub’ektlari tomonidan amalga oshiriladigan harakatlar uchun javobgar bo’lmaydi.

Xarid komissiyasi tomonidan o’z vakolati doirasida qabul qilinadigan qarorlar barcha ishtirokchilar uchun majburiydir.

Xarid qilish tartib-taomillari:

xo’jalik faoliyati doirasida o’tkazilganda xarid komissiyasi davlat buyurtmachisining vakillari orasidan, zarur bo’lgan taqdirda ovoz berish huquqiga ega ekspertlar jalb etilgan holda shakllantiriladi;

loyiha faoliyati doirasida o’tkazilganda xarid komissiyasi vazifalarini belgilangan tartibda tashkil etiladigan loyihani amalga oshiruvchi guruh bajaradi, u xarid qilish tartib-taomillarini o’tkazish natijalari to’g’risida qarorlar qabul qiladi.

 

20-modda. Maxsus axborot portali operatori

 

Maxsus axborot portali operatori:

maxsus axborot portalining uzluksiz ishlashini, unga joylashtirilgan axborotning but saqlanishini va bir butunligini, mazkur portalning tegishli davlat boshqaruvi organlarining rasmiy veb-saytlari va axborot tizimlari bilan belgilangan tartibda uyg’un ishlashini ta’minlaydi;

qonun hujjatlariga muvofiq axborotning elektron shaklda saqlanishini, shu jumladan elektron hujjatlar va elektron xabarlar saqlanishini ta’minlaydi;

maxsus axborot portalida davlat boshqaruvi organlari o’rtasida axborot almashinuvini tashkil etadi;

maxsus axborot portalini O’zbekiston Respublikasi hududidagi apparat-texnika vositalariga joylashtiradi;

vakolatli organ, O’zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo’yicha davlat qo’mitasi, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi «O’zinjiniring» respublika loyihalashtirish instituti bilan hamkorlikni amalga oshiradi.

Maxsus axborot portali operatori qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham bajarishi mumkin.

Maxsus axborot portali operatori:

ishtirokchi, ijrochi sifatida davlat xaridlarida ishtirok etishga, ularning affillangan shaxsi bo’lishga;

davlat xaridlarini amalga oshirish va narx belgilash jarayoniga aralashishga, kontragentlarni tanlashda va shartnomalar tuzishda davlat xaridlari sub’ektlarining erkinligini cheklashga, shuningdek davlat xaridlari sub’ektlarining huquqlarini boshqacha tarzda cheklashga, bundan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar mustasno;

o’tkazib beriladigan, olinadigan va saqlanadigan elektron hujjatlar hamda elektron xabarlarning ishonchliligini, shuningdek agar qonun hujjatlarida yoki shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo’lsa, ularning qonun hujjatlariga muvofiqligini nazorat qilishga yoki tekshirishga;

davlat xaridlari sub’ektlari tomonidan joylashtiriladigan elektron hujjatlar va elektron xabarlarning mazmunini o’zgartirishga haqli emas.

Maxsus axborot portali operatori davlat xaridlari sub’ektlarining ushbu operatorga beriladigan elektron hujjatlari va elektron xabarlarining, shu jumladan bo’lajak davlat xaridlari to’g’risida maxsus axborot portalida joylashtiriladigan axborotning mazmuni bilan bog’liq huquqiy oqibatlar uchun javobgar bo’lmaydi.

 

4-bob. Davlat xaridlari jarayoniga doir umumiy talablar

 

21-modda. Davlat xaridlari jarayoni

 

Davlat xaridlari jarayoni quyidagi bosqichlarni o’z ichiga oladi:

davlat xaridlarini rejalashtirish;

xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshirish;

shartnomani tuzish va bajarish;

davlat xaridlari monitoringi.

 

22-modda.  Davlat xaridlarini rejalashtirish

 

Davlat xaridlarini rejalashtirish davlat buyurtmachisi tomonidan amalga oshiriladi va xaridlarni tizimlashtirishdan, davlat xaridlarini rejalashtirish hamda byudjet va investitsiya jarayonlaridagi rejalashtirish o’rtasida o’zaro aloqani ta’minlashdan iborat bo’ladi.

 

23-modda. Xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshirish turlari

 

Xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshirish turlari quyidagilardan iborat:

elektron do’kon;

boshlang’ich narxni pasaytirish uchun o’tkaziladigan auktsion;

tanlov;

tender;

yagona etkazib beruvchi bilan amalga oshiriladigan davlat xaridlari.

Davlat xaridlari elektron shaklda amalga oshirilishi mumkin.

Xarid qilish tartib-taomillarini tashkil etish va o’tkazish tartibi vakolatli organ tomonidan belgilanadi.

 

24-modda.  Davlat xaridlari to’g’risidagi axborot

 

Davlat xaridlari to’g’risidagi axborot jumlasiga quyidagilar kiradi:

davlat xaridlari to’g’risidagi qonun hujjatlari;

davlat xaridlarining reja-jadvallari;

davlat xaridlari to’g’risidagi e’lonlar;

hujjatlarning shakllari;

xarid qilish tartib-taomillarida ishtirok etish uchun zarur bo’lgan namunaviy shartnomalar;

davlat xaridlarining yakunlari to’g’risidagi axborot;

Insofsiz ijrochilarning yagona reestri;

Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni ko’rib chiqish bo’yicha komissiyaning qarorlari;

davlat xaridlari bo’yicha statistik axborot.

Davlat xaridlari to’g’risidagi axborot maxsus axborot portalida e’lon qilinadi.

Davlat xaridlari to’g’risidagi ma’lumotlar to’liq, xolis va ishonchli bo’lishi kerak.

 

25-modda. Baholash mezonlari va tartib-taomillariga taalluqli qoidalar

 

Tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridlariga taalluqli baholash mezonlari:

narx;

etkazib berish bazisi;

etkazib berish muddatlari;

tavsifnomalar va sifat ko’rsatkichlari;

to’lov va kafolatlar shartlari;

muayyan davrda foydalanish, ekspluatatsiya qilish va ta’mirlash xarajatlarini nazarda tutadi.

Davlat buyurtmachisi tomonidan belgilanadigan davlat xaridi shartlarida quyidagilar bo’lishi kerak:

ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan barcha baholash mezonlari;

barcha baholash mezonlarining nisbiy qimmati;

baholash tartib-taomillari doirasida baholash mezonlarini qo’llash tartibi.

o’olib bo’lgan taklifni baholash va aniqlashda davlat buyurtmachisi faqat xarid qilish hujjatlarida ko’rsatilgan baholash mezonlari va tartib-taomillaridan foydalanadi hamda bu mezonlar va tartib-taomillarni ushbu hujjatlarda bayon etilgan tartibda qo’llaydi.

 

26-modda. Davlat xaridlari qiymatini baholashga taalluqli qoidalar

 

Davlat xaridlari qiymatining bozor narxlariga muvofiqligini baholash uchun davlat buyurtmachisi ochiq axborot manbalaridagi ma’lumotlardan foydalanadi.

 

27-modda. Tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridlari tavsifiga va shartnoma shartlariga taalluqli qoidalar

 

Tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridi tavsifi xolis, funktsional va umumiy xususiyatga ega bo’ladi. Tavsifda tovarlar (ishlar, xizmatlar) davlat xaridining tegishli texnik, sifat va ekspluatatsiya qilinish xususiyatlari ko’rsatiladi.

Tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridlari tavsifi tasniflarni, rejalarni, chizmalarni, eskizlarni, talablarni hamda sinovlar va sinov usullari, qadoqlash, tamg’alash haqidagi yoki muvofiqlik sertifikati, shuningdek shartli belgilar va atamalar to’g’risidagi axborotni o’z ichiga olishi mumkin.

Tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridi tavsifiga aniq tovar belgisiga yoki nomiga, patentga, konstruktsiyaga yoki modelga, u mansub bo’lgan muayyan manbaga yoki ishlab chiqaruvchiga doir talablar yoki havolalar kiritilmasligi kerak, bundan tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridi xususiyatlarini ta’riflashning boshqa etarlicha aniq usuli mavjud bo’lmagan hollar mustasno va bunda tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) boshqa bir ishlab chiqaruvchining ekvivalent tovarlari (ishlari, xizmatlari) bilan almashtirish imkoniyati to’g’risidagi eslatma kiritilishi kerak.

Tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridi tavsifida quyidagilar bo’lishi kerak:

tovarlarning soni;

bajarilishi (ko’rsatilishi) kerak bo’lgan ishlar (xizmatlar);

tovarlar etkazib berilishi lozim bo’lgan yoxud ishlar bajarilishi yoki xizmatlar ko’rsatilishi kerak bo’lgan joy;

tovarlarni etkazib berish, ishlarni bajarish yoki xizmatlar ko’rsatishning maqbul yoki talab etilgan muddatlari, agar ular mavjud bo’lsa.

Tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridiga doir hujjatlarda xarid qilinadigan tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat buyurtmachisi tomonidan belgilangan talablarga muvofiqligini aniqlash imkonini beradigan ko’rsatkichlar bo’lishi kerak. Bunda shunday ko’rsatkichlarning eng ko’p va (yoki) eng kam qiymatlari, shuningdek o’zgartirilishi mumkin bo’lmagan ko’rsatkichlarning qiymatlari ko’rsatiladi.

Zarur bo’lgan hollarda davlat buyurtmachisi tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) kafolat muddatiga va (yoki) ularning sifatiga beriladigan kafolat hajmiga, tovarga kafolat xizmati ko’rsatishga, tovardan foydalanish xarajatlariga, tovarni montaj qilish va sozlashning majburiyligiga, tovardan foydalanuvchi va unga xizmat ko’rsatuvchi shaxslarni o’qitishga doir talablarni belgilaydi.

Mashinalar va asbob-uskunalarni etkazib beruvchi ijrochi aniqlangan taqdirda davlat buyurtmachisi davlat xaridiga doir hujjatlarda tovarning kafolat muddatiga va (yoki) uning sifatiga beriladigan kafolat hajmiga, tovarga kafolat xizmati ko’rsatishga, tovarga kafolat muddati mobaynida xizmat ko’rsatish xarajatlariga, shuningdek tovarni montaj qilish va sozlashga, agar bu tovarning texnik hujjatlarida nazarda tutilgan bo’lsa, talablar belgilaydi. Yangi mashinalar va asbob-uskunalarni etkazib beruvchi ijrochi aniqlangan taqdirda davlat buyurtmachisi davlat xaridi to’g’risidagi hujjatlarda ushbu tovarni ishlab chiqaruvchining va (yoki) etkazib beruvchining kafolatini taqdim etishga hamda bunday kafolatning amal qilish muddatiga nisbatan qo’shimcha ravishda talablar belgilaydi. Bunday kafolatni berish ushbu tovar bilan birga amalga oshiriladi.

Agar tovarlarning davlat xaridi tavsifida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo’lsa, etkazib berilayotgan tovar yangi bo’lishi kerak.

Tovarni ishlab chiqaruvchiga, ishtirokchiga doir talablarni,
shu jumladan ishtirokchining malakasiga qo’yilgan talabni tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridi to’g’risidagi hujjatlarga (shu jumladan tovarning, ishning yoki xizmatning sifatiga, texnik xususiyatlariga doir talablar, tovarning funktsional xususiyatlariga (iste’mol qilish xususiyatlariga) doir talablar shaklida) kiritishga yo’l qo’yilmaydi.

 

28-modda. Davlat xaridlarining tili

 

Davlat xaridlari to’g’risidagi axborot davlat tilida, shuningdek davlat buyurtmachisining ixtiyoriga ko’ra boshqa tillarda e’lon qilinadi va tarqatiladi.

 

29-modda. Ishtirokchilarga qo’yiladigan talablar

 

Ishtirokchilar quyidagi mezonlarga muvofiq bo’lishi kerak:

shartnomani bajarish uchun zarur texnikaviy, moliyaviy, moddiy, kadrlar resurslarining hamda boshqa resurslarning mavjudligi;

shartnoma tuzish uchun qonuniy huquqqa egalik;

soliqlar va boshqa majburiy to’lovlarni to’lash bo’yicha qarzdorlikning mavjud emasligi;

o’ziga nisbatan joriy etilgan bankrotlik tartib-taomillarining mavjud emasligi;

Insofsiz ijrochilarning yagona reestrida qayd etilmaganligi.

 

30-modda. Ishtirokchilarga qo’shimcha talablar qo’yiladigan davlat xaridi

 

Davlat buyurtmachisi zarur bo’lganda tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) o’ziga xos xossalaridan yoki xususiyatlaridan kelib chiqqan holda ishtirokchilarga qo’shimcha talablar belgilashga haqli.

Ishtirokchilarga qo’yiladigan qo’shimcha talablar ushbu Qonunda belgilangan printsiplarga zid bo’lmasligi kerak.

Ishtirokchilarga qo’yiladigan qo’shimcha talablar davlat xaridi to’g’risidagi axborotda u e’lon qilingan paytda ko’rsatilgan bo’lishi kerak.

Ishtirokchilarga qo’shimcha talablar qo’yiladigan davlat xaridida ishtirok etish uchun ishtirokchilar akkreditatsiya tartib-taomilidan o’tadi.

Ishtirokchilarni akkreditatsiyadan o’tkazish tartibi vakolatli organ tomonidan belgilanadi. 

 

31-modda. Birgalikdagi davlat xaridlari

 

Tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) birgalikdagi davlat xaridlarini shakllantirish ikki va undan ortiq davlat buyurtmachisining davlat xaridlari bo’yicha rejalariga ko’ra amalga oshiriladi.

Tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) birgalikdagi davlat xaridlarini shakllantirish bir davlat dasturida yoki loyihalar portfelida ishtirok etayotgan davlat buyurtmachilarida amalga oshirilishi kerak.

 

32-modda. Takliflarni ta’minlash

 

Davlat buyurtmachisi xarid qilish tartib-taomiliga nisbatan ishtirokchilar tomonidan takliflarning garov, kafolat, zakalat tarzida yoxud qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa usulda ta’minlanishi zarurligi to’g’risida talab belgilashga haqli.

Xarid qilish tartib-taomiliga nisbatan ishtirokchilar tomonidan  takliflarning ta’minlanishi zarurligi tarzidagi talab barcha ishtirokchilarga taalluqli bo’ladi va davlat xaridlarining shartlarida ko’rsatiladi.

Davlat buyurtmachisi xarid qilish tartib-taomiliga nisbatan ishtirokchilar tomonidan takliflarning ta’minlanishi zarurligi tarzida talab belgilagan taqdirda, takliflar yuborilguniga qadar ishtirokchi ta’minotning maqbulligini tasdiqlash to’g’risida so’rov yuborishga haqli. Davlat buyurtmachisi bunday so’rovga darhol javob beradi.

Davlat buyurtmachisi taklifni ta’minlash summasi to’lanishini talab qilmaydi va ta’minlash to’g’risidagi hujjatni darhol qaytaradi yoki quyidagi voqealardan biri yuz berganidan keyin uning qaytarilishini ta’minlaydi:

taklifni ta’minlashning amal qilish muddati tugashi;

davlat xaridlari to’g’risidagi shartnomaning kuchga kirishi va ushbu shartnomaning bajarilishi ta’minlanishi, agar bunday ta’minlash davlat xaridi shartlarida talab etilsa;

davlat xaridlarining bekor qilinishi;

takliflarni yuborishning oxirgi muddati tugaguniga qadar taklifning chaqirib olinishi, agar davlat xaridi shartlarida bunday qaytarib olishga yo’l qo’yilmasligi aytib o’tilmagan bo’lsa.

 

33-modda. Muzokaralar olib borishni taqiqlash

 

Xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshirishda davlat buyurtmachisining maxsus axborot portali operatori bilan va maxsus axborot portali operatorining ishtirokchi bilan muzokaralar olib borishiga yo’l qo’yilmaydi.

 

34-modda.  Ishtirokchini xarid qilish tartib-taomillarida ishtirok etishdan chetlatish shartlari

 

Davlat buyurtmachisi yoki maxsus axborot portali operatori quyidagi hollarda ishtirokchini xarid qilish tartib-taomillarida ishtirok etishdan chetlatadi, agar:

ishtirokchi davlat xaridlari jarayonida davlat buyurtmachisi tomonidan biror-bir xatti-harakatning bajarilishiga, qaror qabul qilinishiga yoki biror-bir xarid qilish tartib-taomilining qo’llanilishiga ta’sir o’tkazish maqsadida davlat buyurtmachisining yoki boshqa davlat organining istalgan hozirgi yoki sobiq mansabdor shaxsiga yoki xodimiga har qanday shakldagi haqni, ishga yollash to’g’risidagi taklifni yoxud istalgan boshqa qimmatbaho ashyoni yoki xizmatni bevosita yoxud bilvosita taklif qilsa, bersa yoki berishga rozilik bildirsa;

ishtirokchi raqobatlashuvda adolatsiz ustunlikka ega bo’lsa
yoki qonun hujjatlarini buzgan holda manfaatlar to’qnashuvini keltirib chiqarsa.

Davlat buyurtmachisining yoki maxsus axborot portali operatorining ishtirokchini xarid qilish tartib-taomillarida ishtirok etishdan chetlatish to’g’risidagi qarori va buning sabablari xarid qilish tartib-taomillari to’g’risidagi hisobotga kiritiladi hamda ular haqida tegishli ishtirokchiga darhol xabar beriladi.

 

35-modda. G’olib bo’lgan taklifning aktsepti hamda aktsept uchun asoslar

 

Davlat buyurtmachisi o’tkazilgan xarid qilish tartib-taomillari yakunlari bo’yicha g’olib bo’lgan taklifning aktsepti to’g’risida bir ish kuni ichida qaror qabul qiladi.

o’olib bo’lgan taklifning aktsepti quyidagi hollarda amalga oshirilishi mumkin, agar:

davlat xaridlari bekor qilinmagan bo’lsa;

g’olib bo’lgan taklifni yuborgan ishtirokchi chetlatilmagan bo’lsa;

xarid qilish tartib-taomili buzilmagan bo’lsa.

 

36-modda. Davlat xaridini bekor qilish

 

Davlat buyurtmachisi g’olib bo’lgan taklif aktseptiga qadar istalgan vaqtda davlat xaridini bekor qilish huquqiga ega. Davlat xaridi bekor qilingan taqdirda davlat buyurtmachisi maxsus axborot portalida mazkur qarorning asoslantirilgan sabablarini e’lon qiladi.

Davlat buyurtmachisi davlat xaridi bekor qilinganligi uchun javobgar bo’lmaydi, bundan davlat xaridi davlat buyurtmachisining g’ayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) oqibatida bekor qilingan hollar mustasno.

 

37-modda. Maxfiylik

 

Davlat buyurtmachisining yoki maxsus axborot portali operatorining xodimi o’zining ijrochilar yoki istalgan shaxs bilan munosabatlarida, agar axborotni oshkor etmaslik davlat xavfsizligi manfaatlarini himoya qilish uchun zarur bo’lsa yoki bunday axborotning oshkor etilishi qonunga zid bo’lsa, qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlashga to’sqinlik qilsa, ijrochilarning qonuniy tijorat manfaatlariga zarar etkazsa yoxud insofli raqobatga to’sqinlik qilsa, vakolatli organ bu axborotni oshkor etish to’g’risida qaror qabul qilmasa, hech bir axborotni fosh etmaydi. Vakolatli organ bunday axborotni oshkor etish to’g’risida qaror qabul qilgan taqdirda ushbu qaror shartlariga rioya etiladi.

Ishtirokchi xarid qilish tartib-taomilida ishtirok etib, taklifda o’zi ko’rsatgan barcha ma’lumotlarning, takliflarini qabul qilish muddati tugaganidan keyin e’lon qilinishiga rozilik bildiradi.

 

38-modda. Odob-axloq qoidalari

 

Davlat buyurtmachilari va maxsus axborot portali operatori davlat xaridlarini o’tkazish uchun Odob-axloq qoidalarini qabul qilishi kerak, unda quyidagilar nazarda tutiladi:

manfaatlar to’qnashuvining oldini olish chora-tadbirlari;

kasbiy tayyorgarlikni tekshirish tartib-taomillari va unga doir talablar.

Davlat buyurtmachilari, maxsus axborot portali operatori xodimlarining, xarid komissiyasi a’zolarining odob-axloqi qoidalarida kasbga doir va xizmatdan tashqari faoliyatda odob-axloqning yagona printsiplari va qoidalari, kasbiy tayyorgarlikka doir yagona talablar belgilanadi.

Davlat buyurtmachisining va maxsus axborot portali operatorining mas’ul shaxslari, xarid komissiyasi a’zolari tomonidan ishtirokchilar hamda ijrochilardan moddiy va nomoddiy boyliklarni olish taqiqlanadi.

Odob-axloq qoidalari davlat buyurtmachilarining yoki ularning yuqori turuvchi organlarining rasmiy veb-saytlarida e’lon qilinishi lozim.

 

39-modda. Manfaatlar to’qnashuvi

 

Davlat buyurtmachisining, maxsus axborot portali operatorining mansabdor shaxslari va boshqa xodimlari, shuningdek xarid komissiyasining a’zolari xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshirishda o’z ishtirokidagi davlat xaridlariga doir bitimning natijasi bo’lishi mumkin bo’lgan istalgan shaxsiy nafni bevosita yoki bilvosita olish huquqiga ega emas.

Ushbu moddaning birinchi qismida ko’rsatilgan shaxslar:

shaxsiy manfaatdor emasligini, shuningdek o’z oila a’zolarining manfaatdor emasligini kafolatlashi kerak, aks holda shaxsiy manfaatdorlik hamda boshqa ishtirokchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlari o’rtasida ziddiyat yuzaga keladi yoki kelishi mumkin;

manfaatlarning istalgan potentsial, taxmin qilinayotgan yoki mavjud to’qnashuvi haqidagi axborotning oshkor etilishini kafolatlashi kerak.

Mavjud yoki taxmin qilinayotgan manfaatlar to’qnashuvi to’g’risida xabar topgan, ushbu moddaning birinchi qismida ko’rsatilgan shaxslar bu haqda bevosita rahbarga xabar qilib, bir vaqtning o’zida vakolatli organni xabardor etishi shart. Manfaatlar to’qnashuvi mavjudligi to’g’risida ma’lumotlar olgan rahbar uning oldini olish yoki uni bartaraf etish bo’yicha o’z vaqtida choralar ko’rishi shart.

 

40-modda. Davlat xaridlari jarayonidagi cheklovlar

 

Davlat xaridlari jarayonida quyidagilarga yo’l qo’yilmaydi:

ishtirokchilarni kamsitishga, boshqa ishtirokchilarga zarar etkazgan holda bir ishtirokchiga imtiyozlar yoki preferentsiyalar berishga;

manfaatlar to’qnashuviga;

davlat xaridlarini amalga oshirishning raqobatga asoslanmagan usullarini qonunga xilof ravishda tanlashga, davlat xaridlari sub’ektlariga ta’sir o’tkazishga, davlat xaridlarida ishtirokchilarning ishtirok etishi to’g’risidagi axborotni oshkor etishga, ularning sonini asossiz ravishda cheklashga yoki ularning malakasiga qo’yilgan talablarni oshirishga, raqobatga yo’l qo’ymaslikning, uni cheklashning yoki bartaraf etishning boshqa shakllariga, bundan qonun hujjatlarida belgilangan hollar mustasno;

narxlarni yoki ishtirokchilarni saralash natijalarini buzib ko’rsatish maqsadida ishtirokchilarning oldindan til biriktirishiga;

ishonchsiz yoki buzib ko’rsatilgan axborotni taqdim etish
yoki tarqatishga, shuningdek davlat xaridlari to’g’risidagi axborotdan foydalanishni asossiz ravishda cheklashga;

davlat xaridlarini amalga oshirishning raqobatga asoslangan usullarini chetlab o’tish maqsadida davlat xaridlari hajmini qismlarga bo’lib tashlashga;

ishtirokchilarning sun’iy tarzda pasaytirilgan narxlar bo’yicha takliflar berishiga, keyinchalik shartnomani imzolashni yoki uni tegishli tarzda ijro etishni rad etishiga;

davlat xaridi tarkibiga texnologik va funktsional jihatdan o’zaro bir-biri bilan bog’liq bo’lmagan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) kiritishga;

firibgarlik, soxtalashtirish va korruptsiyaning namoyon bo’lishiga;

moliyalashtirish manbalari va hajmlari mavjudligi to’g’risida tasdiqlarga ega bo’lmagan yoki ajratilgan mablag’lar hajmidan ortiq miqdordagi davlat xaridlarini amalga oshirishga.

 

41-modda. Davlat buyurtmachilari bilan tuzilgan shartnomalar reestri

 

Maxsus axborot portali operatori maxsus axborot portalidan foydalanish vositasida davlat buyurtmachilari tomonidan tuzilgan shartnomalar reestrini (bundan buyon matnda shartnomalar reestri deb yuritiladi) yuritadi.

Shartnomalar reestriga quyidagi hujjatlar va axborot kiritiladi:

davlat buyurtmachisining nomi;

moliyalashtirish manbasi;

ijrochini aniqlash usuli;

xarid qilish tartib-taomilining natijalari sarhisob qilinadigan sana va shartnoma tuzish asoslarini tasdiqlovchi hujjatning rekvizitlari;

shartnoma tuzilgan sana;

tovar (ish, xizmat), shartnoma bahosi va uni ijro etish muddati, tovar (ish, xizmat) birligining narxi, u kelib chiqqan mamlakatning nomi hamda ijro etilgan shartnomaga doir tovarni ishlab chiqaruvchi to’g’risidagi axborot;

ijrochi soliq to’lovchining nomi, firma nomi (agar mavjud bo’lsa), joylashgan yeri (yuridik shaxs uchun — pochta manzili), familiyasi, ismi, otasining ismi (agar mavjud bo’lsa), yashash joyi (jismoniy shaxs uchun), identifikatsiya raqami yoki chet ellik shaxs uchun tegishli chet davlatning qonun hujjatlariga muvofiq ijrochi soliq to’lovchining o’xshash identifikatsiya raqami, bundan tarixiy, badiiy yoki boshqa madaniy ahamiyatga ega bo’lgan va davlatning muzey, axborot-kutubxona, arxiv fondlarini, kino fondlarini, fotosuratlar fondlarini va shunga o’xshash fondlarni to’ldirish uchun mo’ljallangan madaniy qimmatliklarni, shu jumladan muzey ashyolarini va muzey kollektsiyalarini, shuningdek noyob va qimmatbaho nashrlarni, qo’lyozmalarni, arxiv hujjatlarini (shu jumladan ularning ko’chirma nusxalarini) etkazib beradigan jismoniy shaxs to’g’risidagi axborot mustasno;

shartnomani o’zgartirish to’g’risidagi axborot, shartnomaning o’zgartirilgan shartlari ko’rsatilgan holda;

shartnomani ijro etish to’g’risidagi axborot, shu jumladan shartnoma uchun haq to’lash, shartnomada nazarda tutilgan majburiyatlarni tegishli tarzda bajarmaganlik munosabati bilan moliyaviy sanktsiyalar (jarimalar, penyalar) hisoblanishi to’g’risidagi axborot;

shartnomani bekor qilish to’g’risidagi axborot, bekor qilish sabablari va asoslari ko’rsatilgan holda.

Shartnomalar reestridagi axborot to’lov undirilmagan holda tanishib chiqish uchun ochiq bo’lishi kerak.

Shartnomalar reestrini yuritish tartibi vakolatli organ tomonidan belgilanadi.

Qaysi shartnomalar to’g’risidagi axborot shartnomalar reestriga kiritilmagan bo’lsa, o’sha shartnomalar uchun haq to’lanmaydi.

 

42-modda. Insofsiz ijrochilarning yagona reestri

 

Insofsiz ijrochilarning yagona reestri vakolatli organ tomonidan shakllantiriladigan ro’yxatdan iborat bo’lib, unga quyidagi ma’lumotlar kiritiladi:

xarid qilish tartib-taomillari yakunlari bo’yicha belgilangan shartlarda davlat buyurtmachisi bilan shartnoma tuzishni va davlat xaridlarini amalga oshirishni rad etgan yoki boshqacha usulda bo’yin tovlagan xarid qilish tartib-taomillari g’oliblari to’g’risidagi;

majburiyatlarni bajarmaganlikda yoxud tegishli tarzda bajarmaganlikda belgilangan tartibda aybdor deb topilgan ijrochilar haqidagi, bundan majburiyatlar bartaraf etib bo’lmaydigan kuchlar oqibatida bajarilmagan yoki tegishli tarzda bajarilmagan hollar mustasno;

sudning qaroriga ko’ra firibgarlik, soxtalashtirish va korruptsiya bilan bog’liq jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan ijrochilar to’g’risidagi.

Insofsiz ijrochilarning yagona reestriga kiritilgan ijrochi uch yil davomida davlat xaridlarida ishtirok eta olmaydi, bu muddat tamom bo’lgach ijrochi Insofsiz ijrochilarning yagona reestridan chiqarib yuborilgan hisoblanadi.

Ijrochilar Insofsiz ijrochilarning yagona reestriga kiritish to’g’risidagi qaror ustidan sud tartibida shikoyat qilishga haqli.

 

5-bob. Elektron do’kon

 

43-modda. Elektron do’kon tushunchasi

 

Elektron do’kon maxsus talablar tatbiq etilmaydigan iste’mol tovarlarining va boshqa tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridlarini amalga oshirish uchun mo’ljallangan maxsus axborot portalidagi maxsus maydonchadir.

Elektron do’konda quyidagi davlat xaridlari amalga oshirilishi mumkin:

bir shartnoma bo’yicha eng kam ish haqining ikki yuz ellik baravaridan (byudjet buyurtmachilari uchun eng kam ish haqining yigirma besh baravaridan) oshmaydigan, biroq bir yilda bir davlat buyurtmachisi uchun eng kam ish haqining ikki ming besh yuz baravari miqdordagi summadan ko’p bo’lmagan tovarlar;

bir davlat buyurtmachisi uchun eng kam ish haqining yigirma besh baravaridan oshmaydigan miqdordagi ishlar, xizmatlar.

 

44-modda. Elektron do’konning ishlash va undan foydalanish tartibi

 

Elektron do’kon ishtirokchilarning takliflaridan shakllantiriladi. Ishtirokchining elektron do’konga qo’yilgan taklifi davlat buyurtmachilariga yuborilgan ommaviy ofertadir.

Ishtirokchi elektron do’konga joylashtirilgan o’z taklifida quyidagilarni ko’rsatadi:

taklif etilayotgan tovarning nomi;

sotish narxi;

tovarning eng ko’p va eng kam to’pi;

tovarning rusumi va texnik parametrlari (texnik pasport yoki boshqa hujjat asosida);

tovarning fotosurati;

tovar etkazib beriladigan (ish bajariladigan, xizmat ko’rsatiladigan) hudud;

tovarni ishlab chiqaruvchi va tovar kelib chiqqan mamlakat to’g’risidagi axborot;

kafolat shartlari va muddati to’g’risidagi axborot;

tovar ishlab chiqarilgan yil;

tovarning yaroqlilik muddati;

ishni bajarish, xizmatni ko’rsatish muddati;

zarur bo’lganda, litsenziya, ruxsat etish xususiyatiga ega boshqa hujjat yoki sertifikat mavjudligi to’g’risidagi axborot.

Davlat buyurtmachisi elektron do’konda ishtirokchilarning ofertalarini o’rganish yo’li bilan o’zi uchun zarur bo’lgan tovarni (ishni, xizmatni) tanlaydi va tovar (ish, xizmat) tanlangach, narxlar so’rovi mexanizmidan foydalanadi.

Maxsus axborot portali avtomatik rejimda, narxlar so’rovi mexanizmini amalga oshirgan holda elektron do’konda o’xshash tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) taklif etayotgan barcha ishtirokchilarga xarid qilish tartib-taomilida ishtirok etish to’g’risida takliflar yuborilishini ta’minlaydi.

Ishtirokchilar narxlar so’rovida ishtirok etish to’g’risidagi taklif maxsus axborot portali tomonidan yuborilgan paytdan e’tiboran qirq sakkiz soat ichida o’z takliflarini berishga haqli.

Ishtirokchilarning manziliga yuborilayotgan narxlar so’rovida ishtirok etish to’g’risidagi taklif davlat buyurtmachisi tomonidan tanlangan ishtirokchining ofertasiga havolani o’z ichiga oladi.

Xarid qilish tartib-taomilida ishtirok etish taklifini olgan ishtirokchi davlat buyurtmachisi tomonidan tanlangan oferta narxidan pastroq narx bo’yicha taklif kiritishga haqli.

Ishtirokchilar tomonidan berilgan narx bo’yicha takliflarni taqqoslash maxsus axborot portali tomonidan avtomatik rejimda amalga oshiriladi.

Maxsus axborot portali davlat buyurtmachisi va eng past narxni taklif qilgan ijrochi o’rtasida tuzilgan bitimni ro’yxatdan o’tkazadi.

Ishtirokchilar to’g’risidagi ma’lumotlardan davlat buyurtmachisi yoki ishtirokchilar yakunlar sarhisob qilinguniga qadar foydalana olmaydi. Ijrochining nomi g’olib aniqlangan paytda maxsus axborot portalida aks ettiriladi.

 

Maxsus axborot portali shartnomani davlat buyurtmachisi tomonidan tanlangan ishtirokchining ofertasida bayon etilgan shartlarga muvofiq hamda ishtirokchilar tomonidan taklif etilgan eng past narxda shakllantiradi.

Agar maxsus axborot portalida ro’yxatdan o’tkazilgan ishtirokchilarning hech biri dastlabki taklifdan pastroq narxni taklif qilmasa, maxsus axborot portali davlat buyurtmachisi va ijrochi o’rtasidag

Toshkentda ob-havo

Harorat: 22°

Namlik 31% Shamol 2.84 м/c
O'zbekistonda eng ko'p ekiladigan daraxt turi: (92)